Pokiston “yulduzi” o‘ldirilgani haqida mish-mishlar urchimoqda. Uning o‘limi kimga kerak?

Tahlil

image

Dunyoda shunday davlat rahbarlari borki, ular ortidan har qancha tosh otilmasin, xalq ulardan voz kechmaydi, ishonishda davom etaveradi. Negadir ularning jinoyatlari ko‘zga ko‘rinmaydi yoki doimo kechirib yuboriladi. Bunday yetakchilar panjaralar ortidan turib ham xalqni birlashtirishi mumkin, ular uchun xalq o‘z jonlarini xatarga qo‘yishga tayyor bo‘ladi. Ha, bunday rahnamolar kam, lekin yo‘q emas.

Shunday xususiyatlarga ega insonlardan biri – Pokistonning sobiq bosh vaziri, xayriyachi va kriketchi Imron Xondir. U faoliyatini sportchilikdan boshladi va yadro quroliga ega davlatning vaziri sifatida yakunladi. Pokiston xalqi uchun milliy qahramon darajasidagi bu inson hozirda qamoqda, o‘z jazo muddatini o‘tamoqda. So‘nggi kunlarda uning o‘limi haqida tarqalgan xabarlar esa mahalliy xalqning chinakamiga oyoqqa turishiga sabab bo‘ldi. Garchi rasmiylar Imron Xon tirikligi haqida harqancha bayonot bermasin, ommaviy norozilik harakatlari hanuz davom etyapti.

Xo‘sh, Imron Xon kim va u nega qamalgan edi? Uning o‘limi haqida soxta xabarlarni tarqatish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Imron Xon aslida kim?

To‘liq ismi Imron Ahmed Xon Niyoziy 1952 yil 5 oktyabr kuni Pokistonning Lahur shahrida tug‘ilgan. Uning oilasi nisbatan obro‘li va mamlakatdagi o‘ziga to‘q kam sonli oilalardan edi. Musulmon diniga e’tiqod qiluvchi pashtun Niyoziy urug‘idan bo‘lgan Xon maktab ta’limini Pokistonda boshlagan, so‘ngra Angliyada Royal Grammar School va Worcester xususiy maktabida davom ettirgan. Oliy ta’limni esa 1972-1975 yillarda Keble College so‘ngra Oxford universitetida falsafa, siyosat and iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan.

Umumiy ta’limda yomon bo‘lmasa-da, uni ko‘proq fanlar emas, sport qiziqtirardi. Ayniqsa, oiladagi kriketga bo‘lgan qiziqish va amakivachchalari Javad Burki hamda Majid Xonning muvaffaqiyatli kriketchi bo‘lishi ham uning kelgusidagi xohish-istaklariga ta’sir qilmay qolmadi.

Kriketdagi karerasini mahalliy guruhlarda boshlagan Imron Xon professional sportdagi dastlabki rasmiy faoliyatini 1971 yil Birmingem shahridagi Edgbaston maydonida Angliyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Avvaliga u sport va ta’limni parallel davom ettirishga urinadi, ammo ko‘p o‘tmay birini tanlashi kerak bo‘lganda o‘ylab o‘tirmay u kriketni tanladi va 1976 yildan boshlab to‘liq faoliyat yurita boshladi. Ko‘p o‘tmay Pokiston terma jamoasining kapitani bo‘lishga erishgan Xon 1992 yilda o‘zi boshchiligida Pokiston terma jamoasi bilan Pokiston tarixidagi birinchi va hozircha yagona “1992 Cricket World Cup ” turnirida g‘alaba qozondi. Finaldagi Angliya ustidan erishilgan tarixiy g‘alaba esa ikkinchi bor mustamlakachi inglizlar ustidan qozonilgan g‘alaba sifatida talqin etildi. Shu tariqa Imron Xon nafaqat kriket chempion balki xalqning milliy qahramoniga ham aylandi.

Sportdan keyin u dastlab xayriya ishlari bilan shug‘illana boshladi. Uning tashabbusi bilan 1994 yilda “Shaukat Khanum Memorial Cancer Hospital & Research Centre” nomidagi Pokistonda birinchi yirik onkologik kasalxona ochildi. U yerda saratonga chalingan insonlar mutlaqo bepulga davolanar, bu esa Imron Xonning xalq orasidagi obro‘sini oshirib yuborgandi. Xalqning ko‘z o‘ngida u boshqa mahalliy boylarga o‘xshamaydigan, saxiy va xalq dardi bilan yashovchi sifatida namoyon bo‘lib bordi.

Keyingi qadam siyosatga bo‘lishi kerakligini tushunib yetgan Imron Xon 1996 yilda o‘zining siyosiy partiyasi – “Pakistan Tehreek-e-Insaf”ga (PTI) asos soldi. U siyosiy maydonga o‘tgach, ko‘plab va’dalar, o‘zgarishlar va islohotlar va’da qilar va o‘sha davrda amaldagi tizimning adolatsizligidan charchagan xalq ham unga ishonar edi. 1997 va 2002 yillarda hali tanilmagan partiya juda past ko‘rsatkichlar bilan qolib ketgan bo‘lsa-da, harakatdan to‘xtamagan Xon 2018 yilgi saylovlarda o‘z partiyasi bilan birgalikda g‘alaba qozondi va bosh vazir lavozimiga keldi.

U 2018-2022 yillardagi vazirlik vakolati davomida davlat xarajatlarini kamaytirish va hukumatdagi hashamatni cheklash maqsadida tejamkorlik kompaniyasini boshladi, butun mamlakat bo‘ylab kambag‘al aholiga bepul tibbiy sug‘urta kartalarini tarqatish dasturini joriy qildi, "Ehsaas Programme” nomli ijtimoiy himoya va qashshoqlikka qarshi kurash dasturini joriy qildi. Garchi uning boshqaruv siyosati kamchiliklardan xoli bo‘lmasa-da, u oddiy xalqning turmush tarzini yaxshilashga harakat qildi.

“Yo‘lbarsning qamalishi”

Imron Xon harqancha xalqparvar bo‘lmasin, yaxshi siyosatchi bo‘lish uchun buning o‘zi yetarli emas edi. Uning davrida Pokiston iqtisodiyoti chuqur inqirozga yuz tutdi. Oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining keskin ko‘tarilishi, yuqori inflyatsiya xalqning turmush darajasini sezilarli darajada yomonlashtirdi. Uning davrida Pokistonning tashqi qarzi ham keskin oshdi, hukumat Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan og‘ir shartlar evaziga kreditlar olishga majbur bo‘ldi, bu esa kelgusida hukumatning iqtisodiy mustaqilligini chekladi.

Mamlakatda uning siyosatiga qarshi guruh shakllanib borar edi. Dastlab tarqoq bo‘lgan barcha asosiy muxolifat partiyalari, Pokiston Musulmonlar Ligasi va Pokiston Xalq partiyasi "Pokiston Demokratik Harakati" ittifoqiga birlashdi. Ular Imron Xonni saylovlarda noqonuniy yo‘l bilan harbiy yordam orqali g‘alaba qozonishda aybladi, ammo bu paytga kelib Imron Xonning harbiylar bilan ham aloqalari ancha yomonlashib qolgan edi. Qatorasiga kelgan bunday omadsizliklar 2022 yilning 10 aprelida parlamentning unga ishonchsizlik votumini berilishi bilan yakun topdi. Uning o‘rnini Shahboz Sharif boshchiligidagi yangi hukumat egalladi.

Hokimiyatdan ketgan, barcha qo‘llovlarni yo‘qotgan bo‘lsa-da, Imron Xon kurashdan to‘xtamadi, barchasini qayta boshladi. Tez orada u yangi muxolifat guruhining lideriga aylandi. Xon amaldagi ma’muriyatni tanqid qilar va oddiy xalq unga ergashar edi.  Uning tahdid qobiliyati saqlanib qolganini tushunib yetgan elita endi uni ozodligini ham cheklash payiga tushdi.

Unga nisbatan ochilgan dastlabki jinoyat ishi 2023 yil 9 mayda korrupsiya bilan bog‘liq, xususan, “Al-Qadir Trust” xayriya tashkiloti orqali pul yuvishda ayblandi. Sud ishlari uzoq davom etdi va joriy yilning yanvar oyidagini unga hukm o‘qildi. Unga ko‘ra, Imron Xon 14 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Boshqa bir katta ayblov – “Toshaxona ishi” bo‘lib, u ombordan qimmatbaho sovg‘alarni noqonuniy sotib olishda aybdor deb topilgan. 2023 yil avgustida sud uni 3 yilga qamoq jazosiga hukm qildi va siyosatdan 5 yilga chetlatdi. Xon, shuningdek, 2023-2025 yillarda 100 dan ortiq ayblovga tortildi: poraxo‘rlik, davlat sirlarini oshkor etish, gumanitar nizolar, hatto terrorchilik va ommaviy tartibsizliklarga chaqirish ayblovlari bor.

Uning tarafdorlari va ayrim xalqaro tashkilotlar bu sudlar va ayblovlarni “siyosiy motivli”, ya’ni hozirgi hokimiyat uni siyosatdan chetlatish, tarafdorlari harakatini bostirish maqsadida uyushtirmoqda, deb baholaydi. Negaki hanuz Pokiston xalqi unga quloq tutadi, u hibsdaligida ham ma’muriyatni jiddiy tanqid qilib unga qarshi kurashda to‘xtagani yo‘q. Hatto qamoqda ham muxolifat kayfiyatini saqlab bo‘yin egmay kelayotgani uchun xalq uni “Zindon yo‘lbarsi”, degan taxallus bilan ulug‘lay boshlagan.

Soxta o‘lim xabarlari

Joriy yilning noyabr oyi oxirida, “Imron Xon Adiala qamoqxonasida olamdan ko‘z yumdi” mazmunidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarga sizdirila boshlandi. Qisqa vaqt ichida ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan ushbu xabarlar ortidan Pokiston aholisi ommaviy norozilik harakatlarini boshlab yubordi. Ko‘chalar sobiq bosh vazirning portretini ko‘targan insonlarga to‘ldi, Imron Xonning farzandlari otasi bilan ko‘rishish talabi bilan xalqni bosh ko‘tarishga undadi. So‘ngra rasmiylar Imron Xon tirikligi haqida rasman e’lon qildi, ammo alanga yonib bo‘lgan edi. Xalq endi o‘z qahramonini ozod qilishni talab qilmoqda.

Shu o‘rinda savol paydo bo‘lishi tabiiy, bunday soxta o‘lim xabarlarini tarqatish kimga kerak bo‘lib qoldi? Bir qarashda aniq nimadir deyish mushkul, har holda Imron Xon hanuz ta’sirga ega bo‘lsa-da, qamoqda amaldagi hokimiyatga jiddiy qarshilik ko‘rsatish ehtimoli nihoyatda kam, buni ustiga xalq ham asta-sekin uni unutib, kundalik tashvishlariga qaytayotgan edi. Ehtimol aynan shuning uchun ham bunday xabarlar tarqatilgandir, ya’ni xalq uni unutib qo‘ymasligi, ozod qilishni talab qilish uchun. Aynan shu maqsadda “qahramoning o‘ldirildi” mazmunidagi soxta yangiliklar yoyilayotgandir. Bu kimga kerak bo‘lishi mumkin? Albatta, Imron Xonning tarafdorlariga.

Ammo bularning bari gipoteza, taxminiy g‘oyalar xolos. Shunga qaramay, bir narsa aniqki, xalq og‘ir kunida g‘amxo‘rlik qilganlarni unutmaydi, ular o‘z qahramonlarini doimo himoya qilishga tayyor.


Maqola muallifi

Teglar

Imron Xon Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing