Pokiston yadro qurolidan foydalanmoqchi emas

Olam

image

Pokiston hozirda o‘z yadroviy arsenalidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti. Bu haqda Mudofaa vaziri Xavaja Asif ma’lum qildi.

“Bu faqat mintaqa bilan cheklanib qolmaydi, vayronagarchiliklar yanada keng ko‘lamli bo‘lishi mumkin”, degan mamlakat Mudofaa vaziri.

Uning ta’kidlashicha, yadro quroli qo‘llanilgan taqdirda nafaqat mojaro tomonlari, balki kuzatuvchilar ham jabr ko‘radi.

“Pokistonning Hindiston yaratgan vaziyat tufayli mojaroning keyingi rivojlanishida ehtimoliy variantlari kamayib bormoqda”, degan Asif.

Shuningdek, Asif OAVda tarqalgan bugun, 10 may kuni ertalab mamlakat rasmiylari Pokiston yadro qurolidan foydalanish masalalari bo‘yicha mas’ul bo‘lgan Milliy qo‘mondonlik yig‘ilishini chaqirgani haqidagi ma’lumotni rad etgan. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Muhammad Is’hoq Dor agar Hindiston to‘xtasa, Pokiston ham jangovar harakatlarni to‘xtatishini aytgan.

Ma’lumot uchun, bugun, 10 may kuni ertalab Pokiston Hindistonga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qildi. Pokiston hukumati harbiy operatsiyaning boshlanishini mamlakat suvereniteti va uning mazlum fuqarolarini himoya qilish zarurati bilan izohladi. Hindiston politsiyasi bayonotiga ko‘ra, kecha, 9 may kuni kechqurun va bugun, 10 mayga o‘tar kechasi Jammu shahrida hujumlar oqibatida besh kishi halok bo‘lgan. Hindiston armiyasi Pokiston qo‘shinlarini oldingi pozitsiyalarga o‘tkazayotganini da’vo qilmoqda.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi

22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.

Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.

Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.

30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.

7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.

8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston Kashmir Xavaja Asif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing