Pokiston va Afg‘oniston chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi

Olam

image

Afg‘oniston bilan chegarada sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda 5 nafar pokistonlik askar va 25 nafar jangari halok bo‘ldi. Bu haqda Pokiston armiyasiga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, jangari guruhlar 24–25 oktyabr kunlari Afg‘onistondan Pokistonning shimoli-g‘arbiy chegarasidagi Kurram va Shimoliy Vaziriston hududlariga o‘tishga uringan. Pokiston “Tolibon” hukumatini “Afg‘oniston hududida faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarga qarshi chora ko‘rmayotganlikda” aybladi.

“Tolibon” jangari guruhlarga boshpana berish haqidagi ayblovlarni rad etib, Pokistonning harbiy operatsiyalari Afg‘oniston suverenitetini buzayotganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, ikki mamlakat vakillari oktyabr oyining boshida o‘z Qurolli kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan so‘ng mojaroning takrorlanishini oldini olish maqsadida Istanbulda uchrashgan edi. Bu “Tolibon” 2021 yilda Qobulni egallaganidan beri yuz bergan eng jiddiy chegara to‘qnashuvlari edi.

Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Osif o‘t ochishni to‘xtatish tartibi o‘zgarmaganini va Qobul tinchlikdan manfaatdor ko‘rinishida ekanini aytdi. Biroq agar “Tolibon” bilan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, ochiqchasiga urushga kirishamiz, degan edi u.

Pokiston harbiylari dam olish kunlaridagi to‘qnashuvlarda ishtirok etganlarni “Fitna al-Xvorij” deb ataydigan tashkilot a’zolari sifatida ta’rifladi. Bu atama go‘yoki xorijiy homiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mafkuraviy ruhdagi qurolli guruhlarga nisbatan ishlatiladi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing