Pokiston va Hindistonni qoplagan zaharli tutun kosmosdan ko‘rinmoqda

Olam

image

Pokistonning sharqiy va Hindistonning shimoliy hududlarida havo ifloslanishi darajasi shunchalik yuqoriki, hosil bo‘lgan tutunli tuman kosmosdan ham yaqqol ko‘rinmoqda. Bu haqda NASA tomonidan olingan suratlarga tayanib, CNN xabar berdi.

Dunyodagi turli hududlarda havo sifatini real vaqtda kuzatib boruvchi Shveysariyaning IQAir tadqiqot kompaniyasiga ko‘ra, ayni paytda eng iflos havo Lahorda kuzatilmoqda. Ikkinchi o‘rinda esa Hindistonning Dehli shahri turibdi. Eng yuqori ifloslanish darajasi bo‘yicha kuchli to‘rtlikka, shuningdek, Kalkutta va Bangladeshning Dakka shaharlari ham kiradi. Dehli va Lahorda ifloslanish indeksi mos ravishda 416 va 1300 birlikni tashkil qilmoqda. Bu esa havoning sog‘liq uchun xavfli ekanini anglatadi. Shu bilan birga, hafta boshida ham Lahorda ifloslanish indeksi 1200 birlikdan oshgan, Pokistonning eng zich aholi yashaydigan hududi – Panjob viloyatida esa bu ko‘rsatkich so‘nggi kunlarda 1000 birlikdan yuqori bo‘lgan.

Nashrga ko‘ra, Hindiston shaharlarida va Lahorda kuzgi sovuq boshlanishi va hosil yig‘im-terimi davrida har yili zich tutunli tuman paydo bo‘ladi. Buning sababi dehqonlar tomonidan qishloq xo‘jalik chiqindilarining ommaviy yoqilishi bo‘lib, bunga ko‘mir elektr stansiyalari va transport vositalarining chiqindilari ham qo‘shiladi. So‘nggi kunlarda esa tutunli tuman darajasi shu qadar kuchayganki, Pokiston va Hindistonning ayrim hududlarida maktablar va jamoat joylari, jumladan, parklar, muzeylar yopilib, ommaviy tadbirlar bekor qilinmoqda. Shuningdek, yirik savdo markazlari, bozorlar va restoranlarning ish vaqti cheklanmoqda. Shifoxonalarda allergiya, nafas yo‘llari kasalliklari, ko‘z va tomoq yallig‘lanishidan aziyat chekayotgan bemorlar soni keskin oshgan. Panjob rasmiylariga ko‘ra, tuman ta’sir qilgan hududlarda 30 mingdan ortiq odamga yordam ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning keng sharqiy hududlaridagi hokimiyat organlari rekord darajadagi tutun tufayli maktablar va davlat idoralari ortidan barcha bog‘ va muzeylarni ham yopish to‘g‘risida qaror chiqargani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Pokiston zaharli tutun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing