Pokiston va Hindiston o‘rtasida tarixdagi eng yirik havo jangi bo‘ldi – CNN
Olam
−
08 may 21414 2 daqiqa
Bugun, 8 may kuni Pokiston va Hindiston harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida 5 ta hind samolyoti urib tushirildi. Bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘lgan. Bu haqda Pokistonlik amaldorlarga tayanib, CNN xabar berdi.
Yuqori martabali xavfsizlik manbasiga ko‘ra, jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qilgan, biroq hech biri raqib hududiga kirmagan. Raqibga qarata uchirilgan raketalar ayrim hollarda 160 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan.
Manbaning aytishicha, tomonlar 2019 yildagi kichikroq havo jangidan so‘ng uchuvchilarni dushman hududiga yuborishni istamagan. O‘sha vaqtda Hindiston harbiy-havo kuchlariga mansub pilot Pokiston hududida urib tushirilgan va televideniye orqali namoyish etilgach, Hindistonga qaytarilgan. Bu holat ikkala tomonni ham obro‘sizlantirgani bois bu safar bunday xatoga yo‘l qo‘yilmagan.
Manba, shuningdek, Hindiston Harbiy-havo kuchlari ba’zi nishonlarga bir necha bor zarba berishga urinayotganini aytgan. Pokiston esa ehtimoliy nishonlar joylashgan hududlarda fuqarolarni ogohlantirishga harakat qilgan va harbiylar tinch aholining talafotini minimallashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.
Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.
Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.
30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.
Kecha, 7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.
Live
Barchasi