Pokiston Trampni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya qildi
Olam
−
21 iyun 2025 3727 2 daqiqa
Pokiston hukumati AQSH Prezidenti Donald Trampni 2026 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya etdi. Bu haqda hukumatning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida rasmiy bayonot e’lon qilindi.
“Pokiston hukumati Hindiston-Pokiston inqirozi davrida ko‘rsatgan qat’iy diplomatik aralashuvi va muhim yetakchiligi uchun AQSH Prezidenti Donald Trampni 2026-yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga rasman tavsiya etishga qaror qildi”, deyiladi bayonotda.
Pokistonlik rasmiylar Trampni “katta strategik tafakkurga va favqulodda siyosiy donolikka ega” arbob sifatida ta’riflagan. Tramp ularning fikricha, Islomobod va Nyu-Dehli bilan bir paytda olib borgan diplomatik aloqalari orqali keskinlikni kamaytirishga erishgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 mayiga o‘tar kechasi Hindiston armiyasi “Sindur” amaliyoti boshlanganini e’lon qilgandi. Bu operatsiya Pokistondagi “terroristik infratuzilmaga” qarshi yo‘naltirilgani bildirildi. Bunga 22 aprel kuni Jammu va Kashmirda joylashgan Pahalgam shahrida yuz bergan terakt sabab bo‘lgan. Unda 20 nafardan ortiq tinch aholi o‘ldirilgan. Hindiston ushbu hujumda Pokistonni aybladi, ammo Islomobod bu da’volarni rad etdi.
Terakt uchun javobgarlikni Hindistonda terrorchi deb tan olingan “Qo‘zg‘olonchilar fronti” (2019 yilda tuzilgan) zimmasiga oldi. U aynan Hindiston tomonidan alohida maqomi bekor qilingan Jammu va Kashmir hududida faol.
10 may kuni Donald Tramp AQSH vositachiligida tomonlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini e’lon qildi. Ikki davlat bu kelishuvni rasman tasdiqladi. Oradan ikki kun o‘tib, 12 mayda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Pokistonga qarshi harbiy amaliyotni to‘xtatganini bildirdi. Pokiston esa o‘z navbatida “Banyan ul-Marsus” nomli qarshi operatsiyasini yakunlaganini e’lon qildi.
Pokiston hukumatining fikricha, aynan Trampning diplomatik aralashuvi og‘ir qurolli to‘qnashuvning oldini olib, ikki yadro quroliga ega davlat o‘rtasida tinchlikni saqlab qolishga xizmat qilgan.
Live
Barchasi