Pokiston masjidlari namozxonlar uchun ochildi
Olam
−
20 aprel 2020
6933Pokiston Islom Respublikasi masjidlariga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi. Qaror joriy yilning 18 aprel kuni mamlakat Prezidenti Arif Alvi va diniy rahbarlar uchrashuvida qabul qilindi.
“Masjidlar faoliyatiga tegishli choralarni ko‘rish sharti bilan ruxsat beriladi“, deyiladi yig‘ilishdan keyin berilgan bayonotda.
Ta’kidlanishicha, ushbu masjidlarga qator qoidalarga amal qilishi belgilab qo‘yildi. Masalan, namozxonlar yelkama-yelka emas, balki 2 metr masofa saqlagan holda ibodat qilishlari kerak. Shuningdek, masjidlarga tashrif buyuruvchilar tibbiy niqob kiygan holda masjidga kirishi hamda ushbu maskanlar muntazam ravishda dezinfeksiya qilinishi belgilab qo‘yildi.
Ushbu qaror musulmonlar uchun muqaddas sanalgan Ramazon oyi kirib kelishidan bir hafta oldin qabul qilindi. Chunki ushbu oyda masjidga tashrif buyuruvchilar keskin ortadi. Ammo, hukumatning bu qaroridan sog‘liqni saqlash vazirligi xavotirda ekanligini ma’lum qilgan.
Ma’lum qilinishicha, hukumat ushbu qarorni aholi va ba’zi ruhoniylarning bosimi ostida qabul qilgan. Ta’kidlanishicha, aprel oyining boshida Karachi shahrida masjidga kelganlar bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan. Shuningdek, hafta boshida taniqli ruhoniylar cheklovlarni buzish bilan tahdid qilib, masjidlar musulmonlar uchun juda muhim va xavfsizlik choralariga rioya qilingan holda ushbu maskanlar ochilishiga ruxsat berilishi kerakligini aytishgan.
Hukumat cheklovlarni bekor qilgan bo‘lsa-da, bayonotda ta’kidlangan ko‘rsatmalar buzilgan taqdirda ushbu masalani qayta ko‘rib chiqish huquqi saqlanib qolishi haqida ogohlantirdi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14 aprel kuni mamlakat Bosh vaziri Imron Xon mamlakat bo‘ylab karantin muddatini uzaytirish to‘g‘risida qarorini e’lon qildi. Ammo, iqtisodiy zarbalarga qarshi kurashish uchun muhim sohalardagi cheklovlarni yengillashtirdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Pokistonda koronavirus bilan bog‘liq 8 418 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 1 970 nafari sog‘aygan, 176 nafari esa vafot etgan. Mavjud bemorlar soni 6 272 kishini tashkil qilmoqda.
LiveBarchasi