Pokiston Liviyaga 4 milliard dollarlik qurol sotadi
Olam
−
22 dekabr 720 3 daqiqa
Bugun, 22 dekabr kuni Pokiston Liviya Milliy Armiyasiga (LMA) harbiy texnika yetkazib berish bo‘yicha qiymati 4 milliard dollardan oshadigan kelishuvga erishdi. Bu Liviyaga qurol sotish taqiqlangan bo‘lishiga qaramay sodir bo‘ldi. Bu haqda to‘rt nafar Pokiston rasmiysiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pokiston tarixidagi eng yirik qurol savdosi bo‘lgan ushbu bitim o‘tgan hafta Liviya sharqidagi Bengazi shahrida Pokiston Qurolli kuchlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir hamda LMA bosh qo‘mondonining o‘rinbosari Saddam Xalifa Haftar o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng yakunlangan.
Kelishuvning nozikligi sababli mudofaa masalalariga aloqador barcha rasmiylar o‘z ismlarini oshkor etishdan bosh tortgan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda harbiy idoralar Reuters so‘rovlariga izoh bermagan.
Liviya Milliy armiyasi bilan tuzilgan har qanday qurol-yarog‘ bitimi 2011 yilda Muammar Qaddafiyning ag‘darilishi ortidan mamlakatda yuzaga kelgan va raqib hokimiyatlar o‘rtasida bo‘linishga olib kelgan uzoq yillik beqarorlik fonida jiddiy xalqaro tekshiruvlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Bitimning dastlabki loyihasiga ko‘ra, kelishuv Pokiston va Xitoy tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan 16 ta JF-17 qiruvchi samolyoti, uchuvchilarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan 12 ta Super Mushshak o‘quv samolyoti hamda ko‘p maqsadli harbiy texnikalarni o‘z ichiga oladi. Pokiston rasmiylaridan biri mazkur ro‘yxatning to‘g‘riligini tasdiqlagan, biroq aniq miqdorlar oshkor etilmagan.
Yana bir rasmiyga ko‘ra, kelishuv quruqlik, dengiz va havo kuchlari uchun mo‘ljallangan texnikalarni qamrab oladi hamda taxminan ikki yarim yil davomida amalga oshiriladi.
Shuningdek, to‘rt nafar rasmiydan ikkitasi bitim qiymati 4 milliard dollardan oshishini, qolgan ikkitasi esa u 4,6 milliard dollarga teng ekanini bildirgan.
LMAning rasmiy axborot kanali yakshanba kuni Pokiston bilan qurol savdosi, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar va harbiy ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan mudofaa sohasidagi hamkorlik kelishuvi imzolanganini ma’lum qildi, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi.
“Biz Pokiston bilan strategik harbiy hamkorlikning yangi bosqichi boshlanganini e’lon qilamiz”, dedi Xalifa Haftar “Al-Hadath” telekanalidagi chiqishida.
Mazkur kelishuv oldidan Pokiston yoki Liviya ushbu kelishuv bo‘yicha BMT embargosidan istisno so‘rab murojaat qilganmi yoki yo‘qligi hozircha noma’lum, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Liviya 2011 yildan buyon BMTning qurol-yarog‘ oldi-sotdi taqig‘iga duchor bo‘lgan. Bunda, har qanday qurol va harbiy materiallar yetkazib berish BMT roziligini talab qiladi. BMT ekspertlar guruhi 2024 yil dekabr oyida taqdim etgan hisobotida Liviyaga nisbatan joriy etilgan embargo “samarasizligicha qolayotgani”ni bildirgan.
Hisobotda ayrim xorijiy davlatlar cheklovlarga qaramay, Liviyaning sharqiy va g‘arbiy hududlaridagi kuchlarga harbiy yordam va tayyorgarlik ko‘rsatishni ochiq davom ettirayotgani qayd etilgan.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr