Pokiston Bosh vaziri Mirziyoyevni tabrikladi
Jamiyat
−
07 iyun
7847O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bugun, 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda muqaddas Qurbon hayiti munosabati bilan bir-birini samimiy tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, suhbat davomida yetakchilar O‘zbekiston va Pokiston xalqlariga farovonlik va ravnaq tilagan.
Pokiston Bosh vazirining joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonga tarixiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari muhokama qilingan.
Strategik sheriklik izchil mustahkamlanib borayotgani, turli darajalardagi muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Joriy yilda rejalashtirilgan hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi qayd etilgan.
O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashgan, bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, 25 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgandi. 26 fevral kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida uni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Shu yerda Shahboz Sharif va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan Qo‘shma deklaratsiya hamda ikki tomonlama Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. Yetakchilar ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot ham berdi. Tashrifining so‘ngida Shahboz Sharif O‘zbekiston-Pokiston biznes forumida ham ishtirok etdi.
26 fevral kuni Shahboz Sharifning O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi. Toshkent xalqaro aeroportida Pokiston Bosh vazirini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
LiveBarchasi