Pokiston Afg‘onistonga hujum qildi. 29 nafar jangari halok bo‘ldi
Olam
−
29 iyun 2607 2 daqiqa
Kecha, 28 iyun kuni Pokiston xavfsizlik kuchlari Pokiston – Afg‘oniston chegarasida quruqlik va havodan maxsus amaliyot o‘tkazib, kamida 29 nafar jangarini yo‘q qildi. Bu haqda Pokiston Axborot vaziri Attaulloh Tarar o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Attaulloh Tararning yozishicha, quruqlikdagi operatsiyalar davomida “Jamoat ul-Ahror” guruhiga aloqador to‘rt nafar jangari o‘ldirilgan. Uning aytishicha, Afg‘onistonning Paktiya, Paktika va Kunar viloyatlaridagi uchta nishonga berilgan havo zarbalari oqibatida yana 25 nafar jangari hamda katta miqdordagi qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yo‘q qilingan.
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid ham Pokiston havo hujumlari oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgani va jarohatlanganini ma’lum qilgan.
“Hujumlar oqibatida o‘nlab tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi hamda jarohatlandi. Biz bu qo‘rqoqona tajovuzni qat’iy qoralaymiz va uni jinoyat hamda shafqatsizlik harakati deb hisoblaymiz”, degan Mujohid.
Pokiston tomoni esa operatsiyalar mamlakatda so‘nggi vaqtlarda sodir etilgan bir qator terrorchilik hujumlariga javob sifatida amalga oshirilganini bildirgan. Ma’lum qilinishicha, 27 iyun kuni “Jamoat ul-Ahror” guruhi Karachi shahridagi Sind reynjerlari ob’ektiga bomba va qurolli hujum uyushtirgan. Hujum oqibatida uch nafar harbiylashtirilgan kuchlar xodimi halok bo‘lib, yana to‘rt kishi jarohatlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Islomobod Qobulni Pokiston hududida hujumlar rejalashtirayotgan jangarilarga boshpana berayotganlikda ayblab keladi. “Tolibon” hukumati esa bu ayblovlarni rad etib, qurolli guruhlar faoliyati Pokistonning ichki muammosi ekanini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston tomonidan Afg‘onistonning uchta viloyatiga zarba berilishi oqibatida 13 kishi halok bo‘lib, ulardan 11 nafari bolalar ekani aytilgandi.
Live
Barchasi