Pokiston ham ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi
Olam
−
05 may 2025 5200 2 daqiqa
Joriy yilning 3 may kuni Pokiston Abdali nomli “yer-yer” sinfidagi ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Raketaning uchish masofasi 450 km. Bu haqda Pokiston harbiylariga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, sinovning asosiy maqsadi qo‘shinlarning operativ tayyorgarligini ta’minlash hamda raketaning yangilangan navigatsiya tizimi va manyovr imkoniyatlarini tekshirish bo‘lgan. Islomoboddagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchi Sayid Muhammad Alining aytishicha, Abdali raketasi Hindistonga yurish qilgan musulmon sarkardasi sharafiga nomlangan.
Qayd etilishicha, raketa sinovlari Hindiston bilan munosabatlardagi keskinlik fonida o‘tkazilgan bo‘lsa-da, bunday raketalar odatda Hindiston chegarasiga emas, balki Arab dengizi yoki janubi-g‘arbiy Balujiston viloyatining cho‘llariga yo‘naltiriladi.
Qayd etish joiz, ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik aprel oxirida Jammu va Kashmir shtatidagi Pahalgam shahrida yuz bergan terrorchilik hujumidan so‘ng kuchaydi. Hujum oqibatida 25 nafar hindistonlik va bir Nepal fuqarosi halok bo‘lgan.
Shundan so‘ng Hindiston rasmiylari Pokiston diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yubordi, Hind daryosining suvini taqsimlash bo‘yicha kelishuvni to‘xtatdi hamda Pokistondan import va tranzitga taqiq joriy etdi. Bunga javoban Pokiston Hindiston aviakompaniyalari uchun o‘z havo makonini yopdi va agar Hindiston Hind daryosining oqimini to‘xtatishga urinsa, bu urush harakati sifatida qabul qilinishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda IRIB 2 davlat telekanaliga bergan intervyusida Eron 17 aprel kuni Qassem Basir yangi qattiq yonilg‘ili ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini aytgandi. U raketa manyovr qobiliyatini yaxshilagani va “THAAD va Patriot kabi havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda Isroilda mavjud bo‘lganlarga daxlsiz” ekanini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi