Pokiston Hindistonga qarshi harbiy operatsiyani boshladi (video)
Olam
−
10 may 13960 3 daqiqa
Bugun, 10 may kuni Pokiston Hindistonga qarshi “Banyan-ul-Marsus”, ya’ni “Mustahkam devor” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Bu operatsiya Hindiston tomonidan davom etayotgan “provokatsiyalar”ga javob sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, Geo TV xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, Pokiston armiyasi Hindistonning bir nechta harbiy ob’ektlariga zarba bergan. Ular orasida Udxampur va Patxankot aviabazalari ham bor. Bundan tashqari, telekanal ma’lumotiga ko‘ra, “BraMoc” rusumidagi kemaga qarshi tovush tezligiga ega raketalar ombori yo‘q qilingan. Telekanal manbalari, shuningdek, Pokiston tomonidan uyushtirilgan kiberhujum oqibatida Hindiston elektr tarmoqlarining 70 foizi ishdan chiqqanini da’vo qilmoqda.
Pokiston armiyasi vakili, general-leytenant Ahmad Sharif Chaudxri Hindiston bunga javoban uchta aviabazaga raketalar otganini ma’lum qilgan.
“Hindiston o‘z harbiy samolyotlari orqali yer-yer toifasidagi raketalarni uchirdi. Nur-Xon, Myurid va Shorkot nishonga olingan”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi raketalar havo mudofaasi kuchlari tomonidan to‘xtatilgan.
“The Times of India” nashrining yozishicha, Pokiston, shuningdek, Hindistonning shimolidagi Jammu va Kashmirdan tortib, g‘arbdagi Gujarat shtatigacha 26 ta hududni nishonga olgan dron hujumlarining yangi to‘lqinini boshlab yuborgan.
CNN xabariga ko‘ra, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakatning yadro va raketa siyosati bo‘yicha eng yuqori darajadagi boshqaruv organi yig‘ilishini chaqirgan. Hindiston OAVlari rasmiy shaxslarga tayanib, 3 kishi, jumladan, Hindistonning yuqori martabali amaldori otishmada og‘ir yaralanganini bildirgan.
Keyinchalik Jammu va Kashmir shtatining Bosh vaziri Omar Abdulloh Pokiston zarbalari oqibatida jabrlangan rasmiy vafot etgani ma’lum qilingan.
“Biz ma’muriy xizmatga sodiq bo‘lgan xodimni yo‘qotdik. Raj Kumar Tappa – tumanni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha komissar halok bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston va Hindiston harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qilgani va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘lgani xabar qilingandi.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.
Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.
Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.
30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.
7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.
Live
Barchasi