“Podshoh amri vojib”. Toshkent shahriga blokpostlardan o‘tayotgan fuqarolar qanday fikrda?
Jamiyat
−
27 mart 2020
14549Xabaringiz bor, Toshkent shahri hududiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan fuqarolar va transport vositalarining kirishiga cheklovlar o‘rnatildi. Joriy yilning 24 mart kuni kechki soat 00:01 dan boshlab poytaxt darvozalari vaqtincha yopildi.
QALAMPIR.UZ ijodiy guruhi Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegara hududi kesishmasidagi Mineral suvlar blokpostida bo‘ldi va holat bilan tanishdi.
Bugungi kunda Toshkent shahridagi 6 ta muntazam yo‘l-patrul xizmati maskani, 6 ta blok post, 7 ta to‘siq postlar, Toshkent viloyati hudidan Toshkent shahri hududiga kiruvchi 5 ta blok post 5 ta to‘siq postlar yopilgan. Bu postlardan barcha transport vositalarining kirish-chiqishi taqiqlangan, bundan yuk tashuvchi avtomobillar mustasno. Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turuvchi va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turib, Toshkent shahrida ishlovchi fuqarolar kirishiga ruxsat beriladi, xolos.
YPX maskanlari, blokpostlarda fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va ish joyidan berilgan maxsus ruxsatnomalar tekshirilib, o‘tkazilmoqda.
“Bu holatlarni ko‘pchilik to‘g‘ri tushunmoqda. Biz fuqarolarimizdan so‘rab qolardikki, bu choralar koronavirus infeksiyasini butun mamlakat bo‘ylab tarqalib ketishini oldini olishga qaratilgan”, deydi IIV YHXB axborot xizmati yetakchi rahbari Aziz Murodov.
Rasmiylardan tashqari, ushbu nazorat maskanidan o‘tayotgan fuqarolarni ham suhbatga tortdik. Bu holatni ko‘pchilik yurtdoshlarimiz to‘g‘ri qabul qilishlarini aytib o‘tdi.
“Avvalambor, bu o‘zimizning xavfsizligimiz uchun qilindi. Shu sababli, biz ham buni tushunib turibmiz. Lekin bu ishlar vaqtinchalik”, deydi fuqarolardan biri.
“Shaharda ishlamasangiz yoki yashamasangiz kirishga yo‘l qo‘yishmayapti. Agar bunday ish qilinadigan bo‘lsa, davlat ishxonalarida ham ishchilarga javob berilishi kerak”, deydi yana bir fuqaro.
“Men Toshkent viloyatiga uchastka olish niyatida kelgandim. Bular pasportimni so‘rashmoqda. Toshkent shahridan chiqayotganda muammosiz chiqdim. Pasport ko‘rsatishim kerakligi esimdan chiqibdi. O‘g‘lim olib kelyapti.
Mayli, kutamiz endi. Prezident qarori bilan bo‘lyapti-ku. “Podshohga bo‘ysun, amri vojib” deyishgan-ku”, deydi yana bir yurtdoshimiz.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi ko‘rsatmasiga ko‘ra ishlab chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etildi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar soni 83 nafarga yetdi. Mamlakatda bir kishi koronavirus ortidan vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi