PKK o‘z qurollarini yoqib tashladi

Olam

image

Turkiyada taqiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) Shimoliy Iroqda o‘tkazilgan marosimda o‘z ixtiyori bilan qurollarini topshirgani va ularni ramziy tarzda yoqqanini tasdiqladi. Bu haqda “Milliyet” xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Kurdiston Ishchilar partiyasi o‘zlarining qamoqdagi yetakchisi Abdulla O‘jalon tomonidan yo‘llangan chaqiriqqa javoban ushbu harakatlarni amalga oshirgan. 

“Biz bu yerga 2025 yil 19 iyun kuni partiya yetakchisi Abdulla O‘jalon tomonidan yo‘llangan chaqiriqqa javoban keldik. Bizning kelishimiz, shuningdek, 5-7 may kunlari bo‘lib o‘tgan partiya 12-s’ezdining qarorlari asosida amalga oshirildi. Bu yerda biz o‘z qurolimizni ixtiyoriy tarzda yo‘q qilmoqdamiz. Umid qilamizki, bu qadam butun xalqimizga, ayniqsa ayollar va yoshlar, Turkiya va Yaqin Sharq xalqlariga, shuningdek, butun insoniyatga foyda keltiradi”, deyiladi partiya bayonotida. 

Qolaversa, ular barcha mintaqaviy va xalqaro kuchlarni kurd xalqining qonuniy va demokratik huquqlarini hurmat qilishga, tinchlik va demokratiya asosida yechim topish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Kurdiston ishchi partiyasi 1978 yil 27 noyabrda chap sotsialistik partiya sifatida tashkil etilgan va 1984 yil 15 avgustdan boshlab Turkiya hukumatiga qarshi qurolli urushni boshlagan. Uning tarafdorlari Abdulla O‘jalonni oliy yetakchi va mafkuraviy ilhomlantiruvchi deb biladi.

Turkiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va ayrim boshqa davlatlar PKKʼni terrorchi tashkilot deb tan olgan.

Abdulla O‘jalon 1999 yildan beri Imrali orolidagi qamoqxonada izolyatsiyada saqlab kelinmoqda. U joriy yilning 27 fevral kuni tarixiy bayonot berib, tarafdorlarini Turkiyaga qarshi 40 yildan ortiq davom etgan kurashdan so‘ng qurollarini tashlab, PKK tarqatilganini e’lon qilishga chaqirdi. Bu harakat 40 mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan mojaroda tinchlikka yo‘l ochishga qaratilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kurdiston Ishchilar partiyasi qurolli mojaroni to‘xtatish va o‘zini tarqatib yuborishga qaror qilgani haqida bayonot tarqatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Abdulla O'jalon Kurdiston Ishchilar partiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing