Pxenyan sun’iy yo‘ldosh uchirmoqchi. Yaponiya esa uni urib tushirishga tayyorlanmoqda
Olam
−
02 may 2023
8848Shimoliy Koreya raketa uchirib, kosmosga razvedka sun’iy yo‘ldoshini chiqarishni rejalashtirayotgan bir paytda, Yaponiya mazkur raketani zarurat tug‘ilganda tutib olish uchun Okinava janubidagi olis orollarga Patriot PAC-3 raketaga qarshi tizimlarini joylashtirish jarayonini yakunladi. Bu haqda kecha, 1 may kuni “Kyodo” agentligi xabar berdi.
Zenit-raketa komplekslari Miyako, Ishigaki va Yonaguni orollarida joylashgan. Joylashtirish jarayoni taxminan bir hafta davom etdi.
Oxirgi marta Patriot PAC-3 majmualari 2012 va 2016 yillarda Miyako va Ishigaki orollarida joylashgan, o‘shanda ham KXDR sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishga uringan.
Yaponiya Mudofaa vaziri Yasukazu Xamada ham agar Shimoliy Koreya raketasi xavf tug‘dirsa, uning bo‘laklarini tutib olishga buyruq bergan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida KXDRda razvedkachi sun’iy yo‘ldosh yaratish bo‘yicha sinov boshlagandi. Joriy yilning mart oyida esa Shimoliy Koreya muhandislari turli sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish imkonini beruvchi raketa uchun kuchli dvigatel yasashga muvaffaq bo‘ldi.