Pxenyan dron topilganidan keyin Seulga urush ochish bilan tahdid qildi 

Olam

image

Pxenyan o‘z hududida urib tushirilgan Janubiy Koreya uchuvchisiz uchog‘i topilganini da’vo qilgandan so‘ng, Shimoliy Koreya Seulni “jiddiy harbiy provokatsiya”da aybladi. KXDR Mudofaa vazirligi vakili keyingi safar mamlakat hududini harbiy yo‘l bilan buzish “urush e’lon qilish” sifatida baholanishi va “zudlik bilan javob zarbasi”ga olib kelishi bilan tahdid qildi. Bu haqda bugun, 19 oktyabr kuni Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Shimoliy Koreya rasmiylariga ko‘ra, 13 oktyabr kuni Pxenyanda halokatga uchragan Janubiy Koreya harbiy uchuvchisiz uchog‘ining bo‘laklari topilgan. Maxsus tuzilgan tergov guruhi Pxenyan markaziga varaqalar tarqatgan aynan mana shu dron bo‘lgan, deb taxmin qilmoqda, ammo yakuniy xulosa hali chiqarilmagan.

Pxenyan ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida Janubiy Koreyadan targ‘ibot varaqalari ko‘targan dronlar mamlakat poytaxtiga uch marta yaqinlashgan. Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Yon Xyon bu ma’lumotni "tasdiqlay olmasligini" aytdi.

Koreya yarim orolidagi keskinlik oxirgi paytlarda sezilarli darajada oshdi. 15 oktyabr kuni Shimoliy Koreya bir paytlar Koreyalararo hamkorlik ramzi hisoblangan Janubiy Koreyaga olib boruvchi yo‘llarni portlatib yubordi. Seul ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2024 yil boshidan buyon chegarada tankga qarshi yangi to‘siqlar qurib, minalar o‘rnatmoqda.

Keyinroq Pxenyan mamlakatning yangi konstitutsiyasi Janubiy Koreyani rasman “dushman davlat” sifatida belgilashini tasdiqladi. Shunday qilib, Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan birlashish g‘oyasidan rasman voz kechdi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Seul Pxen'yan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing