Piyoda yurish chekishni tashlashga yordam beradi
Salomatlik
−
26 Oktabr
1562Piyoda yurish shamollash va yurak kasalliklarini yengishga yordam beradi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Piyoda yurish eng oson va qulay mashg‘ulot bo‘lib, barcha yoshdagi insonlar uchun tavsiya etiladi. U nafaqat jismoniy salomatlikka, balki ruhiy holatga ham ijobiy ta’sir etadi.
Inson o‘zini har tomonlama sog‘lom his qilishi va tashqi ko‘rinishining ko‘rkam bo‘lishida piyoda yurishning ahamiyati katta. Sababi yayov yurilganda gavdaning barcha muskullari harakatga keladi. Qolaversa, bu mashg‘ulot ichki organlar faoliyatiga ham ijobiy ta’sir etadi.
Natijada organizmda moddalar almashinuvi yaxshilanib, yurak tomirlari, shuningdek, nafas va asab tizimi mustahkamlanadi. Ertalab ishga ketadigan payt piyoda yurish ham juda foydali. Bu vaqtda inson kechasi uxlab, dam olgani sababidan to‘xtamay 30-40 daqiqa bemalol yayov keza oladi.
“Ishxonadan charchab chiqqandan keyin ham imkon bo‘lsa, avtobus yoki avtomashinaga chiqishga shoshilmang. Yo‘lning bir qismini piyoda bosing. Chunki faol harakat qilish odamni tinchlantiradi, kishining charchog‘ini oladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, bir kunda 4 marotaba 10 daqiqadan piyoda yurishni odat qilinsa, qon bosimi me’yorda bo‘ladi. Inson tez-tez qadamlar bilan kuniga 120 odim tashlasa, 15 daqiqada 100 kkaldan xalos bo‘ladi.
Chekishni tashlashni istaganlar ham xumor tutganda 20 daqiqa piyoda yursalar, bu xohish ayni shu daqiqalarda o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Piyoda yurish o‘t pufagi hamda ichaklarning to‘lqinli harakatlari oshishi tufayli o‘t qopida tosh paydo bo‘lishi va qabziyatning oldini oladi.
O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, doimiy piyoda yurgan insonlar shamollashni tezroq yengib o‘tadi. Chunki u immunitetni mustahkamlaydi. Tahlillarga qaraganda, har kuni 1 soat davomida piyoda sayr qilgan kishilar yurak xastaliklariga kamroq duchor bo‘ladi. U yurak-qon tomirlar tizimi – vegetativ asab tizimining holatiga ta’siri orqali qon bosimini kamaytiradi, yurak faoliyatini yaxshilaydi.
Bir so‘z bilan aytganda piyoda sayr qilishni odatga aylantirish tanadagi ko‘plab muammolarga yechim bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kolbasa, dudlangan mol go‘shti, sosiska va shu singari qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari onkologik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi