Pezeshkiyon Tojikistonda faxriy professor bo‘ldi (video)
Olam
−
16 yanvar
1319Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Tojikistonda tibbiyot universitetining faxriy professori bo‘ldi. Bu haqda “Xovar” axborot agentligi xabar berdi.
Tojikistonga ilk davlat tashrifi bilan kelgan Pezeshkiyon bugun, 16 yanvar kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universitetiga bordi va unga tashrif davomida Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda hamrohlik qildi. Oliygohga borgan davlat rahbari va uning delegatsiyasi universitet professor-o‘qituvchilari va Simulyatsiya markazining ilmiy yutuqlari bilan tanishdi.
Uchrashuvda Pezeshkiyonga ushbu universitetning faxriy professor unvonini berish to‘g‘risidagi qaror o‘qib eshittirildi va oliy martabali mehmonga tantanali ravishda professorlik diplomi topshirildi. Ushbu unvon unga tibbiyot fanini rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari va yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash borasidagi samarali hamkorlik ishlari uchun berilgani aytilgan.
Eron Prezidenti o‘z nutqida Tojikiston xalqiga ushbu unvon bilan taqdirlangani, samimiy qabul hamda mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga umid bildirdi.
“Biz sog‘liqni saqlash, jumladan, shifokorlar o‘rtasida tajriba almashish, farmatsevtika, jarrohlik, tibbiyot va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirishga tayyormiz”, dedi u.
Pezeshkiyon uchrashuv yakunida Tojikiston davlat tibbiyot universitetining faxriy mehmonlar kitobiga imzo chekdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 yanvar kuni Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon davlat tashrifi bilan Tojikistonga kelgandi. Dushanbe xalqaro aeroportida uni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning shaxsan o‘zi kutib oldi va yuksak hurmat belgisi sifatida oliy martabali mehmonni mamlakatga ilk tashrifi bilan samimiy qutladi. Shundan so‘ng, Pezeshkiyon Dushanbedagi Ismoil Somoniy haykalini ziyorat qildi.
LiveBarchasi
Isroil va HAMAS kelishuvga erishdi.
15 yanvar
Eron Prezidenti Markaziy Osiyoga keldi.
15 yanvar