Peyjerlar ortidagi sirlar
Tahlil
−
21 Sentabr
26802Ortda qolayotgan haftada dastlab 17 sentyabr kuni Livanda “Hizbulloh”ga aloqador shaxslar foydalanayotgan peyjerlarda ommaviy portlashlar kuzatildi. Undan so‘ng boshqa turdagi aloqa vositalari, texnikalar, jumladan mototsikllar bilan ham shunday halokatli holatlar qayd etildi. Mazkur ommaviy portlashlar tufayli ikki kun davomida so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 37 nafar shaxs halok bo‘lgan bo‘lsa, jarohatlanganlar soni 3 yarim mingdan ziyod. Jarohatlanganlar orasida Eronning Bayrutdagi elchisi Mojtabo Amani ham bor bo‘lib, u peyjer portlashida bir ko‘zidan ayrilgani haqida ma’lumotlar mavjud. Elchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Eronga olib ketildi. Mojtabo Amanidan tashqari Eron diplomatik missiyasining boshqa xodimlari ham yaralangan.
Rasmiy Bayrut va “Hizbulloh” harakati vakillari voqeada Isroilni aybladi. Isroil esa rasmiy darajada bo‘lmasa-da, ba’zi manbalar orqali portlashlarga aloqadorligini yashirincha tasdiqlamoqda. Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanning Gold Apollo kompaniyasining 5000 peyjeriga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatganini xabar berdi.
Gold Apollo kompaniyasi esa “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting KFT kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkin, lekin mahsulotni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi. Biroq Vengriya hukumati vakili bu peyjerlar mamlakatda “hech qachon bo‘lmagan”ini, kompaniya esa “Vengriyada ishlab chiqarish yoki operatsion maydonchasiga ega bo‘lmagan savdo vositachisi” ekanini aytdi. Shunday qilib, Livanga yuborilgan peyjerlarning har biri taxminan 30-50 gramm portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan va masofadan boshqarilgan. Terrorchilik aktiga teng bo‘lgan bu hujumdan 3 kun o‘tib esa peyjerlar va ularga “ildirilgan” portlovchi modda qanday, qaysi yo‘llar orqali va kimlar vositasida paydo bo‘lgani va shakllangani haqida ba’zi ma’lumotlar mavhumlikdan yorug‘likka chiqib kelmoqda. Quyida ana shunday cheklangan informatsion detallar orqali Tayvandan “yo‘lga chiqqan” peyjerlarning Vengriya, Bolgariya, Iordaniya va “Mossad” qo‘lidan o‘tib, “Hizbulloh”ga yetib borish yo‘lidagi “sarguzasht”lariga to‘xtalamiz.
“Tosh davri” texnologiyasi
Livandagi voqealar ko‘pchilik uchun noma’lum bo‘lgan peyjer nomli eskirgan aloqa qurilmasini mashhur qilib yubordi. Ortda qolgan kunlarda dunyo aholisining katta qismi aynan shu so‘zni juda ko‘p takrorlayotgan bo‘lsa ajab emas. Xo‘sh, peyjer o‘zi nima, u qanday qurilma? Peyjer bir so‘z bilan aytganda aloqa qurilmalarining eng primitiv variantlaridan biridir. U asosan ikki tomonlama aloqa zarur bo‘lmagan hollarda, faqatgina qo‘ng‘iroqlarni qabul qiluvchi vosita sifatida foydalanish uchun juda qulay. Peyjer faqat xabarlarni qabul qiladi, xabarlar esa unga peyjing tarmog‘ining radio uzatkichidan uzatiladi. O‘tkazilgan ma’lumotlarning hajmi bir necha yuz belgilarga yetishi mumkin, uzatish davomiyligi bir necha soniya. Peyjerda qabul qilingan xabarlarni yozib olish va keyin ularni foydalanuvchi uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtda ko‘rish imkonini beruvchi xotira mavjud.
Xullas, peyjer orqali cheklangan miqyosda aloqa o‘rnatish mumkin, ammo u zamondan ancha ortda qolgan. Biroq unga xavfsizlik tizimlari va Isroil razvedkasining kirish imkoniyatlari deyarli imkonsiz bo‘lgani bois, “Hizbulloh” harakati ushbu qurilmadan keng ko‘lamda foydalanishni afzal ko‘rib kelgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, “Hizbulloh” peyjerlardan ancha yillar oldin foydalanishni boshlagan, boshqa manbalar esa peyjerlarni fevral oyida guruh rahbari Hasan Nasrulloh o‘z a’zolariga uyali telefonlardan foydalanishni to‘xtatishni buyurganida sotib olganini iddao qilmoqda.
Tayvanning “aybi”
17 sentyabr kungi hujumdan keyingi tasvirlar portlagan peyjerlar tayvanlik elektronika ishlab chiqaruvchisi Gold Apollo‘ga tegishli ekanini ochiqladi. Oradan 3 kun o‘tib Tayvan prokurorlari Gold Apollo prezidenti va asoschisi Xsu Ching-Kuangni ushbu ish yuzasidan so‘roq qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Xsu uning kompaniyasi ushbu peyjerlarni ishlab chiqarmaganini va ular Budapeshtda joylashgan BAC Consulting KFT kompaniyasi tomonidan tayyor holga keltirilganini aytgan. Unga ko‘ra, Gold Apollo Vengriyadagi BAC Consulting KFT’ga faqat brenddan foydalanish uchun litsenziya beradi, ammo peyjerlarning ishlab chiqarilishidagi hech bir bosqichda ishtirok etmaydi. Gold Apollo asoschisi Xsu Ching-Kuangning aytishicha, Vengriyada joylashgan BAC kompaniyasi Tayvan firmasi bilan taxminan uch yil oldin aloqa o‘rnatgan. Dastlab BAC faqat Gold Apollo‘ning peyjer va aloqa mahsulotlarini import qilgan. Keyinchalik kompaniya Gold Apollo‘ga o‘z peyjerini yaratmoqchi ekanligini aytib, Tayvan firmasining brendidan foydalanish huquqini so‘ragan.
Tayvanning yuqori martabali xavfsizlik xodimi CNN telekanaliga Gold Apollo Tayvandan 2022 yilning yanvaridan 2024 yilning avgustigacha 260 000 ga yaqin peyjerlarni jo‘natgani, ammo qurilmalar Livan yoki Yaqin Sharqqa yuborilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligi haqida xabar berdi. Mazkur jarayonlar Livanda o‘ziga xos qirg‘in uyushtirishda foydalanilgan peyjerlar Tayvan yerlarida ishlab chiqilmaganini va bunga bu hududdagi kompaniyaning aloqasi yo‘qligini ma’lum darajada tasdiqlaydi. Demak, peyjerlar ishidagi izlarni axtarish uchun boshqa bir davlat – Vengriyaga yuzlanish lozim.
Hurliqo qo‘l ostidagi BAC
Yuzlab “Hizbulloh” a’zolarini yaralagan peyjerlarni ishlab chiqargan Vengriyaning BAC firmasi bu hujumdagi o‘z ishtirokini rad etdi. BAC Consulting bosh ijrochi direktori Krictiana Barsoni peyjerlar bilan aloqasi borligini rad etdi.
40 yoshlar atrofidagi Krictiana Barsoni London Iqtisodiyot maktabida o‘qigan. Ma’lum bo‘lishicha, u Buyuk Britaniyadagi universitetlarda 13 yillik o‘qishni tugatgandan so‘ng Shimoliy Londonning Gospel Oak hududida yashagan. U BAC firmasi boshqaruviga kelgunga qadar Parijda UNESCO uchun gidrologiya dasturini nazorat qiluvchi loyiha menejeri bo‘lgan. Uning rezyumelarida yetti tilni, jumladan rus va italyan tillarini yaxshigina bilishi ham ta’kidlangan. Krictiana 2015 yildan 2017 yilgacha London Iqtisodiyot maktabida siyosat bo‘yicha diplomni qo‘lga kiritgan. To‘rt yil Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabida tahsil olgan. Bundan tashqari, u 2002 yildan 2006 yilgacha Londonda fizika fanlari nomzodi darajasida ishlagan. BAC Consulting veb-saytidagi o‘zining rezyumelarida u o‘zini olim sifatida ko‘rsatadi. Qisqa qilib aytganda, jozibali “olima” va biznes-ledq portlagan peyjerlarga o‘zi va kompaniyasining mutlaqo aloqador emasligini aytdi.
Kompaniyaning boshqa anonim vakillari ham shunday pozitsiyada qat’iy o‘rnashgan. Go‘yo ular peyjerlar haqida endi bilib qoldi. Eng qizig‘i shundaki, Vengriya hukumati vakili shu hafta boshida peyjerlar mamlakatda ishlab chiqarilmaganligini va BAC bunda faqat vositachi sifatida ishlaganini rasman e’lon qildi. Aynan shu barchani hayratda qoldiryapti.
Livandagi terakt bilan bog‘liq bo‘lgan BAC Consulting‘ning ismini oshkor qilishni xohlamagan vakili “RIA Novosti” agentligiga “kompaniya peyjerlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmagan, biroq biznes konsalting xizmatlarini ko‘rsatgan”, deb aytgan. BAC’ning Vengriyadagi yillik hisobotlari shuni ko‘rsatadiki, kompaniya 2022 yil may oyida birgina direktori Kristiana Barsoni-Arkidiyakono bilan ro‘yxatdan o‘tgan va shu paytdan boshlab 320 dollardan sal ko‘proq hisob balansiga ega bo‘lgan.
BAC va Gold Apollo o‘rtasidagi aloqalar 2021 yilda start olgan. Gold Apollo egasi Xsu Chang-Kianga Tereza ismli tayvanlik ayol murojaat qilganida ikki kompaniya orasida muloqot boshlangan. Xsu Terezani BAC’ning vakili deya da’vo qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bilan ikki oydan ko‘proq vaqt davomida muzokaralar olib borgan va keyinchalik peyjerlarini BAC’ga sotishga va unga Gold Apollo‘ning savdo belgisidan foydalanishga ruxsat bergan. Livandagi voqealar fonida BAC bilan bog‘liq bir qator favqulodda holatlar kuzatila boshlandi. Xususan, xorijiy OAVlar hafta boshida bir maromda ishlab turgan kompaniyaning veb-sayti chorshanba kuni tushdan keyin ishlamay qolganini ma’lum qildi. “Reuters” xabariga ko‘ra esa, kompaniya direktori Krictiana Barsoni chorshanba kuni Budapeshtdagi kvartirasini tark etgan. Juma kuni Barsonining onasi qizi hozirda ehtimoliy tahdidlar tufayli Vengriya maxfiy xizmatlarining himoyasi ostidaligini ma’lum qildi.
“Mossad”ning blokbaster ssenariysi
Tayvan, Vengriya va boshqa kanallarni hamda ularning argumentlarini inobatga olmagan holda voqelik haqidagi haqiqatga yaqin versiya shuki, BAC aslida Isroil tomonidan yaratilgan qo‘g‘irchoq kompaniya. Manbalarda aytilishicha, peyjer ishlab chiqaruvchilarining haqiqiy identifikatorlarini yashirish uchun yahudiy davlati tomonidan kamida ikkita “kompaniya” o‘ylab topilgan. Aytilishicha, BAC boshqa mijozlar uchun oddiy peyjerlar ishlab chiqargan, ammo “Hizbulloh”ga yetkazib berish uchun alohida peyjerlar ishlab chiqilgan va ularga portlovchi PETN unsurlari joylashtirilgan. Boshqa versiyaga ko‘ra esa, agar Vengriya rasmiylarining bayonotini hisobga olmasdan, peyjerlarni shu davlat hududida tayyorlangan deb tasavvur qilinsa, ushbu buyurtma uchun badal boshqa bir Yevropadagi davlat – Bolgariyada joylashdan kompaniya tomonidan to‘langan. Bu Norta Global Ltd kompaniyasidir. Sofiyada joylashgan Norta Global Ltd kompaniyasi peyjerlarni sotishda ishtirok etgani haqida xabarlar tarqalgandan keyin Bolgariya Davlat xavfsizlik agentligi mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan ushbu kompaniyaning mojaroda da’vo qilingan rolini tekshirish uchun Ichki ishlar vazirligi bilan ishlashini aytdi. Vengriya yangiliklar sayti “Telex” manbalarga asoslanib, peyjerlarni sotishga Norta yordam berganini xabar qildi. Bolgariyaning BTV milliy teleradiokompaniyasi xavfsizlik manbalariga tayanib xabar berishicha, bitim bilan bog‘liq 1,6 million yevro Bolgariya orqali o‘tgan va Vengriyaga yuborilgan. Norta asoschisi Rinson Xose bu hafta boshida “Reuters”ning izoh berish talabiga javob berishdan bosh tortdi. Juma kuni Bolgariya davlat xavfsizlik agentligi hujumda ishlatilgan hech qanday peyjerlar Bolgariyaga olib kirilmagan, eksport qilinmagan yoki ishlab chiqarilmaganligini "shubhasiz aniqlaganini" aytdi. Shunday qilib, Bolgariya ham go‘yoki ehtimoliy aybdorlar safidan rasman chiqdi. Shu paytgacha “Hizbulloh” qo‘lida portlagan va minglab insonlarning jabr chekishiga sabab bo‘lgan peyjerlar qayerda ishlab chiqarilgani va qachon ularga portlovchi modda o‘rnatilgani hali-hanuz aniq emasligicha qolmoqda. Aniqlik kiritish esa aybdorlarning o‘z aybini tan olishi lozimligini talab etadi.
LiveBarchasi