Peterburg iqtisodiy forumning ilk kunida dronlar hujumiga uchradi (foto)
Olam
−
03 iyun 9230 2 daqiqa
Bugun, 3 iyun kuni ertalab Ukraina dronlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Kronshtadt, shuningdek, Kirov va Krasnoselsk tumanlaridagi infratuzilma ob’ektlariga hujum qildi. Oqibatda bir necha kishi jarohatlandi, ob’ektlarning bir qismi shikastlandi. Bu haqda shahar gubernatori Aleksandr Beglov ma’lum qildi.
“Astra” Telegram-kanalining ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida Rossiyaning Boltiqbo‘yi mintaqasidagi suyuq yuklarni qayta yuklash bo‘yicha eng yirik terminallaridan biri – Peterburg neft terminalida yong‘in chiqqan. U yiliga 12,5 million tonna mahsulot o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lib, o‘z ichiga neft mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan 21 ta rezervuarni oladi. Ushbu korxona Rossiya xavfsizligini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega.


3 iyunga o‘tar kechasi Leningrad viloyatida havo xavfi e’lon qilingan. Viloyat gubernatori Aleksandr Drozdenko 59 ta dron urib tushirilganini ma’lum qilgan. Lujskiy tumanida dron parchalari 4 ta xususiy uyga shikast yetkazgan, jabrlanganlar yo‘q.


“Pulkovo” aeroportida samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishga cheklovlar joriy etilgan, “Rosaviatsiya” shuningdek, Leningrad viloyatining bir qator tumanlari havo hududini cheklab qo‘ygan. Peterburg aholisi ertalabdan beri mobil internet va aloqada uzilishlarni qayd etmoqda. “Downdetector” ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchilar saytlar ochilmayotgani va messenjerlar ishlamayotgani haqida xabar bergan.

Ushbu hujum shaharda 3–6 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining birinchi kunida yuz berdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin forumda 5 iyun kuni nutq so‘zlashni rejalashtirmoqda.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan joriy yilning 4-5 iyun kunlari amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahrida bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun