Peter Madyar shaxmat afsonasini Vengriya prezidentligiga taklif qildi
Olam
−
20 iyul 4951 2 daqiqa
Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar mamlakatning keyingi prezidenti lavozimiga barcha davrlarning eng kuchli ayol shaxmatchisi sifatida tan olingan Yudit Polgar nomzodini taklif qildi. Bu haqda Madyar kecha, o‘zining Facebook sahifasida yozdi.
Bosh vazirning yozishicha, 49 yoshli Polgar millat birligining ramzi bo‘la oladi. Uning aytishicha, bugun, 20 iyul kuni Polgar bilan uchrashib, prezidentlikka nomzod bo‘lish taklifini qabul qilish-qilmasligini so‘raydi.
“Ertaga u bilan uchrashaman va yangi Konstitutsiya qabul qilinguniga qadar mamlakatimizga yangi maqomda xizmat qilishga tayyormi-yo‘qmi, shuni so‘rayman”, deb yozgan Madyar Facebook sahifasida.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Yudit Polgarning nomi o‘nlab yillar davomida iste’dod va matonat ramzi bo‘lib kelmoqda.
Bu bayonot Prezident Tamash Shuyok Madyar rahbarligidagi hukmron “Tisa” partiyasi qabul qilgan konstitutsiyaviy tuzatishni imzolaganidan bir kun o‘tib yangradi. Mazkur tuzatish Shuyokning davlat rahbari sifatidagi vakolatlarini tugatadi.
Qonun Madyarning aprel oyidagi saylovlarda yirik g‘alabadan so‘ng sobiq bosh vazir Viktor Orbanning hokimiyatdagi ta’sirini bartaraf etishga qaratilgan islohotlari doirasida qabul qilingan. Madyar bu islohotlar uchun saylovchilardan kuchli mandat olganini ta’kidlab kelmoqda.
Hozirda parlamentda uchdan ikki qismiga ega bo‘lgan “Tisa” partiyasi istalgan qonunni o‘zgartirish imkoniyatiga ega. Yangi prezident yangi Konstitutsiya kuchga kirguniga qadar yoki ko‘pi bilan besh yil muddatga saylanadi.
Ma’lumot uchun, Yudit Polgar opalari Juja (Syuzan) va Jofiya (Sofiya), shuningdek Ildiko Madl bilan birga 1988 yilgi Shaxmat olimpiadasida Vengriya ayollar jamoasini g‘alabaga olib chiqqan va Sovet Ittifoqining uzoq yillik ustunligiga barham bergan.
Polgar erkaklar ishtirok etgan turnirlarda muntazam qatnashib, shaxmat tarixidagi eng kuchli o‘yinchilardan biriga aylangan. U 2700 reyting chegarasidan oshgan yagona ayol shaxmatchi bo‘lib, bu ko‘rsatkich ko‘pchilik tomonidan “Super grossmeyster” darajasi sifatida baholanadi. Shuningdek, joriy yil fevral oyida Netflix platformasida Polgar haqidagi “Queen of Chess” (“Shaxmat qirolichasi”) nomli hujjatli film namoyish etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriyaning yangi saylangan Bosh vaziri Peter Madyar parlamentda mamlakat Prezidentiga nisbatan impichment (lavozimidan chetlatish) jarayonini boshlash niyatida ekanini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi