Peshku tumaniga yangi hokim tayinlandi

Jamiyat

image

Anvar Ashurovich Hamroyev Buxoro viloyatining Peshku tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 21 avgust kuni Xalq deputatlari Peshku tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, hudud faollari ishtirok etgan.  

Ma’lum qilinishicha, Sessiyada tashkiliy masala ham ko‘rilgan. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov Hayot Hasanovich Davlatovning Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganligi munosabati bilan uni Peshku tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirgan. Ushbu masala ovozga qo‘yilib, deputatlar tomonidan tasdiqlangan. 

Shuningdek, Botir Zaripov 2020 yildan beri viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Anvar Ashurovich Hamroyev nomzodini Peshku tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarorini o‘qib eshittirgan. 

Ma’lumot uchun, Anvar Hamroyev 1978 yilda Buxoro tumanida tug‘ilgan. 1997 yilda Buxoro kooperativ texnikumini va 2003 yilda Buxoro davlat universitetini bitirgan. U mutaxassisligi bo‘yicha moliyachi va iqtisodchi hisoblanadi. 

Hamroyev mehnat faoliyatini Buxoro tumani statistika bo‘limi mutaxassisi lavozimida boshlab, Buxoro tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, Kogon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat hokimligi boshqaruv apparati kotibiyat mudiri lavozimlarida ishlagan. 

Bildirilishicha, tuman Kengashi deputatlari tomonidan Anvar Hamroyev Peshku tumani hokimi etib tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarori bilan polkovnik Temur Kamoliddinovich Ismoilov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing