Peruning sobiq prezidenti 20 yilga qamaldi
Olam
−
22 Oktabr
3256Peruda sobiq prezident Alexandro Toledo Braziliyaning “Odebrecht” qurilish korporatsiyasidan pora olgani uchun 20 yil 6 oy qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, “Odebrecht” korporatsiyasi Toledoga Braziliya va Peru o‘rtasidagi ikki avtomobil yo‘li qurilishi bo‘yicha shartnomani olishga yordam bergani uchun 35 million dollar pora bergan. Tergov davomida Braziliya kompaniyasi Lotin Amerikasi va AQSHdagi amaldorlarni pora bilan sotib olganini tan olgan.
Qayd etilishicha, sud jarayoni bir yil davom etgan va siyosatchi bu vaqt davomida pul yuvish va til biriktirish bo‘yicha ayblovlarni rad etib kelgan.
Toledo 2001 yildan 2006 yilgacha Peru prezidenti bo‘lgan. U “Odebrecht” pora berish ishi bo‘yicha tergovga tortilgan to‘rtta sobiq Peru prezidentlaridan biri hisoblanadi. Xususan, boshqa sobiq Peru yetakchilaridan biri Alan Garsiya 2019 yilda politsiya uning uyiga hibsga olish to‘g‘risidagi order bilan kelganida o‘z joniga qasd qilgan.
Toledo esa 2019 yilda AQSHning Kaliforniya shtati Menlo Parkidagi uyida hibsga olingan. 2020 yildan beri u uy qamog‘ida bo‘lgan. 2023 yil bahorida siyosatchi AQSHdan vatani Peruga ekstraditsiya qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda AQSH Adliya vazirligi “Odebrecht” vakillari so‘nggi 20 yil ichida o‘nta Lotin Amerikasi davlatlaridagi 12 mamlakat siyosatchilariga pora berganini aniqlagan. Tergov Braziliyaning davlatga qarashli “Petrobras” neft kompaniyasi bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi doirasida boshlangan. Xususan, “Odebrecht” va o‘nlab boshqa kompaniyalar “Petrobras” bilan shartnomalar tuzish evaziga siyosatchilar va amaldorlarga pora to‘lagan. “Odebrecht” firmasi rahbari Marselo Odebrext 2015 yilda hibsga olingan va 19 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Albaniyaning sobiq prezidenti Ilir Meta korrupsiya bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olingan edi. U korrupsiya, pul yuvish va mulkni yashirishda ayblanmoqda. Dastlabki ayblovlar amaldorning 2010-2011 yillarda iqtisodiyot vaziri bo‘lgan davriga to‘g‘ri keladi.
LiveBarchasi