Peruda yong‘in oqibatida bir oilaning 10 a’zosi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
23 iyul 1365 2 daqiqa
Peru poytaxti Lima shahrining La Viktoriya tumanida yuz bergan yong‘in oqibatida bir oilaning 10 nafar a’zosi, jumladan, 5 nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Politsiya generali Oskar Arriolaning aytishicha, yong‘in kecha, 22 iyuldan 23 iyulga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan taxminan soat 03:00 da sodir bo‘lgan. Qurbonlar orasida yoshi 3, 6, 6, 8 va 15 bo‘lgan besh nafar bola, shuningdek, 29 yoshdan 72 yoshgacha bo‘lgan besh nafar katta yoshli fuqaro bor. Shuningdek, yana ikki kishi tan jarohati olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in qasddan o‘t qo‘yish oqibatida kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Mahalliy OAVning yozishicha, halok bo‘lgan oila matras ishlab chiqarish hamda elektr mototsikllar savdosi bilan shug‘ullangan. Ular avvalroq noma’lum shaxslar tomonidan tahdid va tovlamachilikka uchragani, pul talab qilinganini bildirgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar uy tashqarisida turgan mototsikllarga o‘t qo‘ygan. Alanga esa matras ishlab chiqarishda foydalanilgan tez yonuvchan materiallar orqali qisqa vaqt ichida butun binoga tarqalgan.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in sodir bo‘lgan paytda binoda oilaning 17 nafar a’zosi bo‘lgan. Ulardan 7 nafari qutulishga muvaffaq bo‘lgan. Qurbonlarning jasadlari kuchli darajada kuyganligi sababli ularni tanib olish qiyin bo‘lgan.
“Bugun mamlakatimizni motamga botirgan bu fojia qarshisida butun Peru sukut saqlamoqda”, deyiladi Peru Milliy politsiyasi bayonotida.
Bildirilishicha, huquq-tartibot idoralari ushbu yong‘in yuzasidan tergov olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jazoir poytaxti yaqinidagi bolalar uyida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘lib, yana 19 kishi jarohatlangan edi.
Live
Barchasi