Jazoirda bolalar uyi yonib ketdi. 10 dan ortiq qurbon bor

Olam

image

Jazoir poytaxti yaqinidagi bolalar uyida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘lib, yana 19 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa bugun, 16 iyul mahalliy vaqt bilan 03:30 da Jazoir poytaxtining sharqidagi Muhammadiya kommunasida joylashgan bolalar uyida yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida qurbonlar soni 11 nafarga yetgan, jarohatlanganlar esa 19 kishini tashkil qilgan. Qutqaruv xizmatlari voqea joyiga yetib borgan. Yong‘inni bartaraf etish uchun oltita yong‘in o‘chirish mashinasi, oltita tez yordam brigadasi hamda maxsus texnikalar jalb qilingan.

Dastlab hodisa oqibatida 16 kishi jarohat olgani ma’lum qilingan. Keyinchalik jabrlanganlar soni oshgan. Ularning ayrimlari kuyish jarohatlari olgan, ba’zilarida tutundan zaharlanish va nafas olish bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan. Shuningdek, qutqaruvchilar yordamga muhtoj bo‘lgan besh kishini binodan olib chiqib, xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan.

Hozirda yong‘in sabablari o‘rganilmoqda. Qutqaruvchilar bino hududida qidiruv va tekshiruv ishlarini davom ettirmoqda. Jazoir Bosh vaziri Sifi G‘reb shifoxonaga borib, jarohatlanganlarning holidan xabar olgan.

Ta’kidlash joiz, so‘nggi kunlarda Jazoirda kuchli issiq to‘lqinlari kuzatilmoqda. Bu esa mamlakat bo‘ylab ko‘plab yong‘inlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning janubi-sharqidagi Futszyan viloyatida joylashgan poyabzal fabrikasida chiqqan yong‘in oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing