Peruda 200 dan ortiq odam denge kasalligidan vafot etdi
Olam
−
09 iyun 2023
4416Perulik shifokorlar yil boshidan buyon mamlakatda denge bezgagidan 201 kishi vafot etganini tasdiqladi. Bu haqda kecha, 8 iyun kuni Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanib, TASS xabar berdi.
“2023 yilning 22-haftasiga kelib, mamlakatda 130 826 nafar denge kasalligi aniqlandi, 201 nafar o‘lim ham qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning dastlabki besh oyida Peruda 2022 yildagiga qaraganda ikki baravar ko‘proq denge bilan xastalanish holatlari tasdiqlangan. Eng qiyin vaziyat Peru shimolidagi Piura departamentida bo‘lib, u yerda 40 mingga yaqin odam ushbu kasallikka chalingan.
Ma’lumot uchun, denge virusli infeksiya bo‘lib, tropik va subtropik mintaqalarda ustunlik qiladi. Uning belgilari yuqori isitma, ko‘ngil aynishi, toshma, bosh og‘rig‘i va bel og‘rig‘idan iborat. Isitmaning gemorragik varianti qon tomirlarining yetishmovchiligi oqibatida yuzaga kelgan og‘ir ichki qon ketish bilan birga paydo bo‘ladi. Virusni Aedes aegypti turiga mansub chivinlar tarqatadi.
LiveBarchasi