Peru Prezidenti poraxo‘rlikda ayblanyapti
Olam
−
28 may
3025Peru Bosh prokuraturasi mamlakat Prezidenti Dina Boluarteni pora olganlikda ayblab, unga nisbatan Kongressga konstitutsiyaviy shikoyat yubordi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, agar Kongress shikoyatni qabul qilsa, vaziyat Prezidentning iste’foga chiqishiga olib kelishi mumkin. Boluartega nisbatan tergov 10 mingga yaqin fotosuratlar tahlili asosida Prezidentning 14 ta qimmatbaho soatlari borligi aniqlangach boshlangan.
Prezident po‘lat va pushti tilladan yasalgan “Rolex” soatini ham taqqan, uning narxi 6 ming dollardan 14 ming dollargacha baholanadi. Peru Prezidentining maoshi esa taxminan 11 ming dollarni tashkil qiladi. Prezident “Rolex” soati borligini inkor etmagan va boshqa amaldordan uni taqib turishga olganini aytgan.
Mart oyi oxirida Prezident qarorgohida tintuv o‘tkazilgandan so‘ng, Kongressning 25 a’zosidan iborat guruh Boluartega impichment e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi. Prezident qarorgohidagi tintuvlarni “nomutanosib va haqoratli chora” deb atadi va iste’foga chiqishini rad etdi.
“Men toza qo‘llar bilan lavozimga kirishganman va shu bilan 2026 yilda prezidentlik lavozimini tark etaman”, deydi u.
Tintuvlar Peru Bosh vaziri Gustavo Adriansen tomonidan ham tanqid qilingan.
LiveBarchasi