Pentagon uyushtirgan havo hujumini Tehron uchun ogohlantirish deb atadi
Olam
−
25 mart 2023 8796 2 daqiqa
Avval xabar berganimizdek, AQSH Harbiy-havo kuchlari Suriyadagi eronparast tuzilmalarning pozitsiyalariga havo hujumini amalga oshirgan edi. Pentagon mazkur harakatni Eron rasmiylarini bevosita ogohlantirish deb atadi. Bu haqda kecha, 24 mart kuni AQSH Mudofaa vazirligi vakiliga tayanib, “Sky News Arabia” xabar berdi.
“AQSHning Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusi (Eron Qurolli kuchlarining elita bo‘linmalari) pozitsiyalariga havo hujumi Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ogohlantirishdir”, degan Pentagon vakili.
Uning ma’lum qilishicha, AQSHning mintaqadagi kuchlari Tehronning beqarorlashtiruvchi faoliyatiga qarshi turish uchun yuqori shay holatda.
Qayd etilishicha, AQSH harbiy-havo kuchlari tomonidan Iroq bilan chegaradagi Bu-Kamoldagi eronparast kuchlarning pozitsiyalariga, Meyadindagi jangchilar lageriga va Dayr ez-Zor yaqinidagi qurol-yarog‘ omborlariga havo zarbalari berilgan. Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan nazorat qilinadigan ob’ektlarga hujum 23 mart kuni AQSHning Rumeylandagi bazasining vertolyot maydonchasiga dron tomonidan qilingan hujumdan keyin sodir bo‘lgan. Oqibatda bir amerikalik askar halok bo‘lgan, yana olti nafari yaralangan. Amerika o‘tkazgan reydda esa kamida 11 nafar shia jangchisi halok bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 2015 yildan beri Qo‘shma Shtatlar Suriya shimoli-sharqida “Suriya demokratik kuchlari” koalitsiyasining kurd qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan to‘qqizta harbiy bazani o‘rnatdi. Ulardan to‘rttasi Dayr-az-Zordagi neft konlari yaqinida, yana beshtasi qo‘shni Xasek viloyatida joylashgan. Bir necha yuz amerikalik harbiy xizmatchi “Suriya demokratik kuchlari”ga ISHID terrorchilarining faollashgan to‘dalariga qarshi kurashda yordam bermoqda.
Live
Barchasi