Pentagon Ukraina va Gruziyaga “NATO eshiklari ochiqligini” e’lon qildi
Olam
−
18 Oktabr 2021
5108Pentagon rahbari Lloyd Ostin kelasi hafta Ukraina va Gruziyaga tashrif buyuradi. Tashrifi chog‘ida u ushbu ikki davlatning NATOga a’zo bo‘lish istiqbollarini muhokama qiladi.
“Ostin Gruziyada ham, Ukrainada ham NATOga eshik ochiqligini ta’kidlaydi va bu mamlakatlarni mudofaa alyansiga a’zo bo‘lish talablariga javob beradigan o‘zgartirishlar kiritishga undaydi”, deyilgan AQSH Mudofaa vazirligi xabarida.
Pentagon vakilining aytishicha, bu davlatlar “Rossiya tajovuzining boshida turibdi”. Qayd etilishicha, Ostin Ruminiyaga ham tashrif buyuradi. U uch davlat rahbarlari bilan
Qora dengizdagi vaziyatni muhokama qiladi.
“Uchala davlat ham Qora dengiz bilan chegaradosh, shuning uchun Ostin ularning rahbarlari bilan xavfsizlik haqida gaplashadi, bu davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga intiladi”, deyilgan xabarda.
Shuningdek, Pentagon rahbari bu mamlakatlarda joylashgan amerikalik askarlar bilan uchrashishi aytilgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil yozda Bryusselda bo‘lib o‘tgan alyans sammitida NATO rahbarlari Ukraina va Gruziyaning alyansga qo‘shilish huquqini qo‘llab-quvvatladi, islohotlarni davom ettirish zarurligini e’lon qildi, ammo bu davlatlarning tashkilotga a’zo bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaqtni ma’lum qilmadi.
LiveBarchasi