Pentagon rahbari yana shifoxonaga yotqizildi

Olam

image

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin yana shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder ma’lum qildi.

Ostin kecha, 11 fevral kuni tushdan keyin Valter Rid milliy harbiy tibbiyot markaziga olib ketilgan. Bu haqda mudofaa vaziri o‘rinbosari va AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, shuningdek, Oq uy va Kongressga ma’lum qilingan. 

"Pentagon rahbari shifoxonaga yotqizish paytida o‘z vazifalarini o‘rinbosari Ketlin Xiksga topshirdi", deya qo‘shimcha qilgan keyinchalik Rayder.

13 fevral kuni AQSH Mudofaa vaziri Ukraina mudofaa aloqa guruhining navbatdagi konferensiyasini (Ramshteyn formati deb ham ataladi) o‘tkazish uchun Bryusselga uchishi kerak edi. Shundan so‘ng, Ostin NATO mudofaa vazirlari yig‘ilishida ishtirok etishi kerak edi. 

Uning shifoxonaga yotqizilishi bu rejalarga qanday ta’sir qilishi noma’lum.

Eslatib o‘tamiz 1 yanvar oqshomida ham Pentagon rahbari Valter Rid (Merilend shtati) Milliy tibbiyot markaziga yotqizilgandi. 9 yanvar kuni e’lon qilingan tibbiyot markazi bayonotida aytilishicha, mutaxassislar Mudofaa vaziriga 2023 yil dekabrida prostata saratoni tashxisini qo‘ygan va u 1 yanvar kuni operatsiya qilingan. 

Mutaxassislar Ostinning to‘liq tiklanishini kutishini, ammo bu uzoq jarayon bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. AQSH Kongressi a’zolari Ostindan Pentagon nega uning shifoxonaga yotqizilgani haqida jamoatchilik va rasmiylarni zudlik bilan xabardor qilmaganini tushuntirishni talab qilgan. Mudofaa vazirligi Ostinning qayerda ekanligi haqidagi ma’lumotni uch kun davomida Oq uydan sir saqlagan. 9 yanvar kuni Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo‘mitasi Mudofaa vazirining shifoxonaga yotqizilishi bilan bog‘liq holatlarni tekshirishni boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Pentagon rahbari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing