Pentagon rahbari Kiyevga bordi
Olam
−
20 noyabr 2023
5522Bugun, 20 noyabr kuni AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga bordi. Bu haqda u o‘zining X’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Men hozirgina Kiyevga Ukraina rahbarlari bilan uchrashish uchun keldim. Bugun men muhim xabarni – Qo‘shma Shtatlar Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda hozir ham, kelajakda ham qo‘llab-quvvatlashini yetkazmoqchiman", deb yozgan Pentagon rahbari.
AQSH Mudofaa vazirligi saytida qayd etilishicha, Ostin tashrifi davomida Ukraina rahbariyati bilan yuqori darajadagi muzokaralar olib boradi.
Pentagonning aniqlik kiritishicha, muhokamalar AQSH va Ukraina o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, jumladan, Ukraina Qurolli kuchlarini qish uchun ham, o‘z mamlakatini kelajakdagi tahdidlardan himoya qilish uchun ham zarur bo‘lgan jangovar imkoniyatlar bilan ta’minlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 16 noyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukraina va Isroilga yordam mablag‘ ajratishni o‘z ichiga olmagan federal byudjetni vaqtincha moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzolagandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy oktyabrda Falastin-Isroil mojarosi boshlanganidan beri Ukrainaga 155 mm artilleriya snaryadlarini yetkazib berish kamayganini aytgandi. Shuningdek, u G‘arb davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatsa, mamlakat Qurolli kuchlari chekinishga majbur bo‘lishini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi