Pentagon Ilon Maskning kompaniyasiga Ukrainaga internet yetkazib berishi uchun 23 million dollar to‘ladi
Olam
−
10 aprel
5511AQSH Mudofaa vazirligi Kiyevga Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa terminallarini yetkazib berish uchun Ilon Maskga tegishli SpaceX kompaniyasiga 23 million dollar to‘lagan. Bu haqda amerikalik rasmiyga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Avval xabar qilinmagan summaga tuzilgan shartnoma 2023 yilning iyunidan 2024 yilning mayigacha amal qiladi. Agentlik suhbatdoshi uni uzaytirish rejalashtirilayotganiga aniqlik kiritmadi.
“Bloomberg”ning yozishicha, 23 million dollar miqdori SpaceX’ning AQSH milliy xavfsizligi bilan bog‘liq boshqa loyihalardan oladigan daromadiga nisbatan ancha kam.
2023 yil dekabr oyida Ukraina Raqamli transformatsiyalar vaziri Mixail Fedorov mamlakatda Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimining 47 mingga yaqin terminallari ishlayotganini ma’lum qildi. Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov esa mamlakat Qurolli kuchlari butun front chizig‘i bo‘ylab Starlink tizimlaridan foydalanayotganini aytgan. Starlink taqdim etgan aloqa vositalaridan Ukraina harbiylari uchuvchisiz samolyotlarni boshqarishda foydalanadi.
SpaceX egasi Ilon Mask bir necha bor Ukrainadagi mojaroni diplomatik yo‘llar bilan hal etish tarafdori bo‘lgan, buning uchun Kiyevda tanqid qilingan. Xususan, 2023 yilda Amerika ommaviy axborot vositalarida tadbirkor 2022 yilda Qrim orqali Ukrainaning Starlink tarmog‘iga kirishini to‘xtatgani haqidagi ma’lumot e’lon qilinganidan keyin janjal avj oldi. Keyinchalik, “El Pais” gazetasi tahlilchilari Ukraina hukumati Starlink’ga muqobillarni qidirayotgani haqida fikr bildirdi, ammo ular bu tizimdan voz kecholmasligini tan oldi. Tahlilchilar Starlink tizimi Ukraina Qurolli kuchlari uchun zarur, agar aloqa xizmati ishlamay qolsa, Ukraina mudofaasi qulashi mumkin, degan xulosaga keldi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr