Pentagon husiylarning 230 ta nishoniga zarba berganini e’lon qildi

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar Yamandagi husiylarning 230 ta nishoniga zarba berdi. Bu haqda kecha, 27 fevral kuni Mudofaa vazirining Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Daniel Shapiro ma’lum qildi.

U Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasidagi tinglovda AQSH kuchlari husiylarning yuzlab qurollarini yo‘q qilganini ta’kidladi. Biroq, Shapironing so‘zlariga ko‘ra, harakat o‘zining qolgan arsenalidan foydalanib, “qarama-qarshilikka dosh berishga ahd qilgan” ko‘rinadi.

Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Ben Kardin  va Senatning Yaqin Sharq bo‘yicha quyi qo‘mitasi raisi Kris Myorfi ham tinglovda AQSH Kongressi ijro hokimiyatiga husiylarning pozitsiyalariga zarba berishga ruxsat berishi kerakligini ta’kidladi. 

Shuningdek, AQSH Markaziy qo‘mondonligi husiylarning beshta dronini urib tushirganini ma’lum qildi. 

“27 fevralda beshta husiy uchuvchisiz uchish apparati Qizil dengiz uzra urib tushirildi”, deyiladi qo‘mondonlikning X’dagi sahifasida.

Bildirilishicha, AQSH kuchlari uchuvchisiz samolyotlar Qizil dengizdagi kemalar uchun "tezkor tahdid" ekanligini aniqlagan.

Qayd etish joizki, G‘azo sektoridagi mojaro avj olgandan so‘ng, husiylar Falastin anklavida urush to‘xtamaguncha, Isroil hududiga hujumlar uyushtirishi va unga aloqador kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga ruxsat bermasligi haqida ogohlantirgan. O‘tgan yilning noyabr oyi o‘rtalaridan beri husiylar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida o‘nlab tinch aholi kemalariga hujum qilgan.

Husiylarning harakatlariga javoban Amerika rasmiylari xalqaro koalitsiya tuzib, Qizil dengizda navigatsiya erkinligini ta’minlash va kemalarni himoya qilish maqsadida "Prosperity Guardian" operatsiyasini boshladi. 12 yanvar kuni Britaniya va AQSH kuchlari samolyotlar, kemalar va suvosti kemalari yordamida Yamanning bir qancha shaharlarida husiylar nishonlariga birinchi zarbalar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaman husiylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing