Pensiyalarni oshiradigan qonun ma’qullandi

Jamiyat

image

Bugun, 13 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 32-yalpi majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan 2023 yilning 1 yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobariga oshirish nazarda tutilyapti.

Senatorlarning qayd etishicha, kiritilayotgan o‘zgartishga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan ortiq bo‘lmagan, ya’ni 3 888 000 so‘m miqdoridagi o‘rtacha oylik ish haqidan hisobga olish belgilanmoqda.

Natijada 352 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha oylik pensiya miqdori 400 ming so‘mgacha oshadi. Shulardan, 304 ming nafari yoshga doir pensiya oluvchilar, 25,2 ming nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar va 23 ming nafari boquvchisini yo‘qotgan shaxslardir.

Qonunga muvofiq ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 1,5 trillion so‘mdan ortiq miqdordagi mablag‘lar talab etiladi.

Mazkur qonun bilan taklif etilayotgan tartibning joriy etilishi ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib, ko‘proq haq olishiga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

pensiya

Baholaganlar

1251

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing