Pensiya jamg‘armasi rahbariyati murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

Pensiya jamg‘armasi rahbariyati o‘z xodimlariga korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etganlar javobgarlikka tortilishini eslatib, alohida murojaat bilan chiqdi. Unda aytilishicha, tovlamachilik va poraxo‘rlik jamg‘arma faoliyatida hali ham uchramoqda.

“Bugungi kunda loqaydlik, befarqlik, ikkiyuzlamachilik, tovlamachilik, firibgarlik, urug‘-aymoqchilik, tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik kabi illatlar Pensiya jamg‘armasi tizimida ham hali-hamon uchrayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Sohada korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati tomonidan muntazam ravishda profilaktik suhbatlar va tushuntirish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi murojaatda.

Shuningdek, Pensiya jamg‘armasi rahbariyati korrupsiya xavfini baholash, xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘qitish va ularning malakasini oshirish tizimi joriy etilganini ham ta’kidlagan.

“Korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan xodimlar o‘zining mavqeyi va egallab turgan lavozimidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Pensiya jamg‘armasining ichki idoraviy hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Jamg‘armaning har bir xodimi korrupsiyaviy harakat sodir etilganiga doir ishonchli va asosli ma’lumotlar mavjud bo‘lganda Pensiya jamg‘armasi rahbariyatiga, hududiy boshqarma yoki tuman (shahar) bo‘limi rahbariga hech qanday to‘siqsiz murojaat qilishi shart”, deb ogohlantirgan jamg‘arma.

Bundan tashqari, nomzodlarni ishga qabul qilishda ularning shaxsiy va kasbiy sifatlari, ochiqlik, adolat va xolislik prinsiplari asosida tanlov bo‘yicha saralash korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy mezonlaridan sanalishi bildirilgan.

"Jamg‘armaga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan korrupsion holatlarga oid murojaatlar to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi ta’minlanadi", deyilgan murojaat yakunida.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

korruptsiya pensiya jamg'armasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made