Pensiya jamg‘armasi: qariyb 9 mln kishi norasmiy ishlayapti
Jamiyat
−
11 iyun 2020
6862Bugungi kunda O‘zbekistonda aholi soni 34 mln nafardan ortiqni tashkil etib, shundan 15 mln nafari iqtisodiy faol hisoblanadi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bugungi kunda iqtisodiy faol aholining qariyb 5,8 mln nafari mehnat shartnomalari asosida, 400 mingdan ziyod yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini yuritib, Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lab kelmoqda.
Yuqoridagi tahlillardan ko‘rish mumkin-ki, aholining deyarli 9 mln nafari rasmiylashtirmagan holda o‘z mehnat faoliyatlarini yuritmoqda.
Bu toifaga 2,5 mln atrofida xorijiy davlatlarda ish faoliyatini amalga oshirayotgan (mingrant)lar, 1,5 mlndan ziyod dehqon xo‘jaliklarida va tomorqa yerida band bo‘lganlar hamda 4 mlnga yaqini qurilish sohasida, bozorlar, maishiy xizmat ko‘rsatish va mavsumiy ishlarda band bo‘lgan fuqarolarni kiritish mumkin.
Ushbu fuqarolar o‘z faoliyatlarini rasmiylashtirmaganliklari hamda Pensiya jamg‘armasiga to‘lovlarni amalga oshirmaganlari uchun kelgusida ijtimoiy himoyadan, jumladan pensiya ta’minotidan mahrum bo‘lishlari ehtimoli mavjud.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga joriy yilning iyul oyidan boshlab ko‘plab imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirilib, 67 taga yetkazildi (avvalgi tartib bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ruxsat etilgan faoliyat turlari soni 24 tani tashkil etgan).