Pensiya to‘lovlari qayerlarda bank kartalari orqali to‘lanadi?

Jamiyat

image

May oyidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek viloyat markazlarida pensiya to‘lovlari bank kartalari orqali to‘lanadi. Bu haqda Markaziy bank axborotida ma’lum qilinmoqda. 

Ma’lumki, koronavirus pandemiyasi munosabati bilan O‘zbekistonda e’lon qilingan karantin sharoitida infeksiyaning tarqalib ketish ehtimolini kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tavsiyalariga ko‘ra:

•    pensiya to‘lovlarini, dastlabki bosqichda, ya’ni joriy yilning may oyidan boshlab, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi pensionerlarga bank kartalari orqali to‘lash;

•    keyingi oylardan boshlab, ushbu chora-tadbirlar bosqichma-bosqich qolgan hududlarda davom ettirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi kunlarda ushbu mavzuda fuqarolarimizdan kelayotgan murojaatlar soni ko‘payib, ularda asosan I va II guruh nogironlari hamda harakatlanish imkoniyati cheklangan pensionerlar tomonidan:

•    ko‘chaga chiqolmasliklari sababli, bank kartalaridan foydalanish imkoniyatlari yo‘qligi;

•    pensiya mablag‘larini naqd pulda yashash manzillariga yetkazib berishlari yuzasidan murojaat qilinmoqda.

Shu munosabat bilan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan va harakatlanish imkoniyati cheklangan (yotoqdagi) pensiya oluvchi fuqarolar hech qanday xavotirga tushmasliklarini so‘raymiz.

Har oyning boshida ularning bank kartalariga kelib tushgan pensiya mablag‘lari tasdiqlangan grafiklar asosida, ya’ni pensiya mablag‘larini doimiy olib kelgan sanalaridan kechiktirmasdan Xalq bankining ma’sul xodimlari tomonidan yashash manzillariga borib, naqdlashtirib beriladi”, deyiladi tashkilot axborotida.

Ma’lum qilinishicha, I va II guruh nogironligi bo‘lgan va harakatlanish imkoniyati cheklangan (yotoqdagi) pensionerlar soni o‘zgarib turishini inobatga olgan holda, ushbu toifaga kiruvchi fuqarolarning ro‘yxati Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlari tomonidan har oyda qayta ko‘rib chiqiladi. Yangilangan ro‘yxat asosida ularning bank kartalaridagi mablag‘lari uylariga borib naqdlashtirib berilishi uchun Xalq bankiga berib boriladi.

Shuningdek, Markaziy bank mazkur masala doimiy nazoratida ekanligini ma’lum qilmoqda. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank pensiya

Baholaganlar

126

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing