Pensionerlar daromad solig‘idan ozod qilindi. Qozog‘istonda!

Olam

image

Qozog‘istonda pensionerlar uchun soliq imtiyozi joriy etildi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab Yagona jamg‘arma pensiya jamg‘armasidan nafaqa to‘lovlari oladigan jismoniy shaxslar daromad solig‘idan to‘liq ozod qilindi. Bu haqda “Sputnik Qozog‘iston” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi tartibga ko‘ra qozog‘istonlik pensionerlar nafaqat daromad solig‘idan ozod qilinadi, balki ularga yengillik bo‘lishi uchun uy-joy sotib olish va davolanish uchun ajratiladigan bir martalik yordam pullari ham tatbiq etiladi. 

Bungacha mamlakatda barcha pensiya to‘lovlari va yagona to‘lov rejasi doirasidagi mablag‘lar 10 foiz miqdorida shaxsiy daromad solig‘iga tortilgan. Fuqarolardan soliq to‘lovlari amalga oshirilgan paytda daromad solig‘i ushlab qolingan. Yagona to‘lov rejasi doirasida esa soliqni darhol to‘lash yoki uni nafaqaga chiqqunga qadar kechiktirish imkoniyati mavjud bo‘lgan.

2026 yildan boshlab pensiya to‘lovlaridan ham, uy-joy yoki davolanish uchun ajratiladigan bir martalik nafaqa mablag‘laridan ham shaxsiy daromad solig‘i umuman ushlab qolinmaydi.

Shuningdek, ilgari yagona to‘lov rejasi bo‘yicha kechiktirilgan soliq qarzlari bekor qilinadi. Biroq Yagona jamg‘arma pensiya jamg‘armasi allaqachon to‘langan soliq summalari qaytarilmasligini ma’lum qilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolar uchun istisno tartib joriy etilgan. Xususan, agar ular ilgari bir martalik pensiya to‘lovi doirasida shaxsiy daromad solig‘ini to‘lagan bo‘lsa, ushbu summani qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi. Biroq ushbu imtiyoz Qozog‘iston rezidenti bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi – ular uchun soliq ushlab qolinaveradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston dunyoning eng yirik 50 ta iqtisodiyoti qatoriga kirgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq Qozog'iston pensiya imtiyoz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing