Pekin-Berlin yangi besh yillikda “bir tan-u bir jon” bo‘lmoqchi

Olam

image

Xitoy Bosh vaziri Li Syan Pekinda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik yangi bosqichga chiqishini ma’lum qildi. Pekinda 15-besh yillik dastur boshlanayotgan bir paytda savdo va investitsiya sohasidagi imkoniyatlar kengayishi kutilmoqda. Bu haqda “Sinxua” yozdi.

Uchrashuvda an’anaviy tarmoqlar – avtomobilsozlik va kimyo sanoati bilan cheklanib qolmasdan, sun’iy intellekt va biofarmatsevtika kabi yuqori texnologiyali yo‘nalishlarga urg‘u berilgan. Pekin nemis mahsulotlari importini oshirishga tayyorligini bildirgan, shu bilan birga XXR kompaniyalari uchun GFRda barqaror va adolatli ish muhiti muhim ekanini ochiq aytgan. Ilmiy tadqiqot, kadrlar tayyorlash va innovatsiya natijalarini bozorga chiqarish masalalari ham kun tartibidan joy olgan.

Berlin ham iqtisodiy aloqalarni muvozanatli va uzoq muddatli asosda rivojlantirish tarafdori. Mers yashil iqtisodiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni ustuvor yo‘nalish sifatida tilga olgan. Germaniya Yevropa Ittifoqidagi o‘rnini hisobga olgan holda, Bryussel–Pekin munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga tayyorligini qayd etgan.

Muzokaralar yakunlari yashil transformatsiya, bojxona, sport va media sohalaridagi kelishuvlar bilan mustahkamlangan. Xitoy rahbari Si Szinpin esa global vaziyat keskinlashgan sharoitda strategik ishonch va ochiq muloqot har qachongidan muhimroq ekanini urg‘ulagan. Uning fikricha, Pekin va Berlin ishonchli sherik, innovatsion hamkor va madaniy yaqinlashuv tarafdori sifatida harakat qilsa, ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 25 fevral kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Xitoyga uch kunlik rasmiy tashrif bilan borgani oldinroq aytilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Xitoy Tszin'pin Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing