Pedofillarga berilgan “jazodan” Oliy sud kattalarining xabari bormidi?
Jamiyat
−
06 aprel 2023
11072Xorazmda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Anvar Quryazov viloyat Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari Yuldzu Xudoyberganova bilan til biriktirib, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zo‘rlab kelgani haqidagi xabarlar bir necha kunday buyon muhokama markazida bo‘lib turibdi.
“Sukut saqlama” loyihasi rahbari Irina Matviyenka bu holatni bir necha oy avval Oliy Majlis Senatining ishchi guruh yig‘ilishlarida aytgani va zalda senatorlar, Adliya, Oliy sud va boshqa idoralar vakillari bo‘lgani, ammo hech kim munosabat bildirmaganini aytib chiqqandi. E’lon qilingan sud hukmi ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, amaldorga o‘qilgan sud hukmidan Oliy sud kattalarining xabari bormidi? Ularni ham “pedofilga nima uchun kam jazo tayinlandi” degan savol qiynayaptimi? QALAMPIR.UZ mazkur savol bilan Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovga yuzlandi.
“Biz amaldorga berilgan jazoni kam yo ko‘pligini muhokama qilish vakolatiga ega emasmiz, chunki ularga aybdor deb topilgan modda doirasida jazo berilgan. 50-moddani qo‘llab jazo kamaytirilmagan, 72-modda qo‘llanilib, shartliga o‘zgartirilmagan yoki amaldorlar ularga tayinlanishi lozim bo‘lgan jazodan ozod qilinmagan. Shu sababdan biz jazoni yengil yoki og‘ir deb baholash imkoniga ega emasmiz.
2022 yilda sudlarda 1 mln 900 mingta, jumladan 58 mingta jinoyat ishi ko‘rilgan. Qolaversa, Oliy Sudning Jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2022 yilning o‘zida 7 mingta ish ko‘rildi. Faqat jinoiy sud haqida gaplashadigan bo‘lsak 58 mingta ishni har bittasining natijasini nazorat qilib borishni jismonan imkoni yo‘q, ikkinchidan qonunni o‘zi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki, tuman sudyalari mustaqil, ular viloyat va Oliy sud sudyalari va rahbariyati bilan bir xil statusga ega. Masharipov bilan Quryazov sud hukmidan keyin, aybsizligini bildirib apellyatsiya tartibida shikoyat yozgan. Ana undan keyin, bu holatdan viloyat sudi xabar topgan.
Birinchi instansiya yoki appelyatsiya instansiyasi sudidan keyin qizlar yoki prokuror e’tiroz bildirib, Oliy sudga murojaat qilmagan. Biz ham bu jinoyat ishidan ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topganmiz”, deydi Oliy sud raisining o‘rinbosari.
U so‘zida davom etarkan, amaldorlarga boshqa, oddiy odamlarga boshqacharoq jazo berilishi masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, qonun hamma uchun teng ekani, jinoyat sodir etgan shaxs, kim bo‘lishidan qat’i nazar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
“Mansabdor, amaldor yoki davlat arbobi bo‘ladimi yoki oddiy fuqaro – qonun barchamiz uchun bir. Hammamiz bir xil javob berishimiz kerak. Sud ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qabul qilgan, Oliy Majlis Senati ma’qullagan, Qonunda belgilab berilgan jazoni bergan. Agar u mansabdor yoki oddiy odam, deb boshqacha jazo bersa, bu yerda adolatsizlik bo‘ladi. Men mansabdor shaxsni oqlamayman. Mansabdorlar jamiyatga namuna bo‘lishi kerak, agar ular shu ishni qilgan bo‘lsa shaxs sifatida inson sifatida hazm qilib bo‘lmaydigan narsa. Qonun hamma uchun bir”, deydi Ikromjon Muslimov.