Pedagogik ta’lim yo‘nalishlarida bakalavriat tahsili 3 yilga qisqaryapti – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 27 fevral kuni “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori

Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini ilg‘or xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va oliy pedagogik ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, maktabgacha ta’lim qamrovining oshishi, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimining joriy qilinishi hamda oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash ko‘lamining kengayishi munosabati bilan yuqori malakali mutaxassislarga nisbatan yuzaga kelayotgan ehtiyojni o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda pedagog kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan 1 ta xorijiy va 4 ta mahalliy oliy ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, mazkur ta’lim sohasi bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar yetkazib berish borasida o‘tkazilgan tahlil natijalari avvalo ta’lim sohasi uchun kadrlar tayyorlash sifatiga e’tiborni kuchaytirish, sohada ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etish, pedagogik ta’lim infratuzilmasini yaxshilash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Pedagogik ta’lim sohasini yanada takomillashtirish, zamonaviy bilim va pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda munosib hissa qo‘shuvchi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun professional pedagog kadrlar yetkazib berish, sohaga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar pedagogika ta’lim sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

•    tarbiya va o‘qitish usullari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari
•    hamda xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan, ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega professional pedagog kadrlar tayyorlash;

•    pedagogik kasbga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni aniqlash hamda ularni maqsadli tayyorlab va tarbiyalab borishning uzluksiz tizimini joriy qilish;

•    pedagogik ta’lim sohasining ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, innovatsion o‘quv-me’yoriy va ta’lim resurslarini yaratish hamda amaliyotga joriy etish;

•    sohada ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish uyg‘unligini ta’minlash orqali ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish;

•    pedagog kadrlar buyurtmachilari ehtiyoj va talablarini muntazam o‘rganib borish, ular bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda pedagog kadrlar tayyorlashning ilmiy asoslangan istiqbolli rejalarini belgilash va ularni amalga oshirish;

•    oliy pedagogik ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta’minlash pirovardida pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirib borish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish;

•    pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va ularda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish;

•    pedagogik ta’lim infratuzilmasini yaxshilash, sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish;

•    yuksak madaniyatli, amaliy kasbiy ko‘nikmaga ega, tarbiya, o‘qitish metodlari va baholash mezonlarini puxta egallagan zamonaviy pedagog kadrlarni shakllantirish jarayonlari samaradorligini oshirish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining o‘quv dasturlari hajmini inobatga olgan holda oliy ma’lumotli pedagog mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida pedagogik ta’lim sohasining ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni o‘qish muddati 3 yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim dasturlari doirasida amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab kadrlar tayyorlash o‘qish muddati 3 yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladigan pedagogik ta’lim sohasining ayrim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Barcha ta’lim muassasalariga zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashga qodir bo‘lgan professional pedagog kadrlarni yetkazib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi:

•    2020 yil 1 aprelga qadar pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish jarayonida abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqati darajasini aniqlash mexanizmlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmog‘i orqali keng jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishini ta’minlasin;

•    2020 yil 20 aprelga qadar ishlab chiqilgan abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqati darajasini aniqlash mexanizmlari bo‘yicha muhokama natijalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin.

5. Hududlarda pedagogik ta’lim infratuzilmasini yaxshilash, ta’lim sohasi uchun mutaxassis tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va boshqaruv faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

•    Samarqand davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti;

•    Andijon davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti;

•    Buxoro davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti;

•    Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali hamda Termiz davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti;

•    Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali hamda Qarshi davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etilsin.

6. Belgilab qo‘yilsinki, mazkur qarorning 5-bandida tashkil etilishi nazarda tutilgan pedagogika institutlari:

•    faoliyatini moliyalashtirish 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida, yetmagan qismi oliy ta’lim muassasalarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

•    maqomi bo‘yicha mahalliy oliy ta’lim muassasasi filialiga tenglashtiriladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

•    ikki oy muddatda mazkur qarorning 5-bandida nazarda tutilgan pedagogika institutlari faoliyatini tashkil etish;

•    uch oy muddatda Qo‘qon davlat pedagogika instituti va Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi Hukumat qarorlarini qabul qilsin.

8. Toshkent davlat pedagogika universitetiga muntazam ilmiy-pedagogik faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan, yuqori malakali, tegishli sohada chuqur kasbiy bilim va yutuqlarga erishgan xodimlarga pedagogika va o‘qitish metodikasi ixtisosliklari bo‘yicha dotsent va professor ilmiy unvonlari berish huquqi berilsin.

9. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

a) quyidagi mexanizmlar joriy etilsin:

•    tegishli hududda 5 yil ishlab berish majburiyati bilan xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim sohalarida oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosida o‘qishga qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarini shakllantirish;

•    tegishli hududdagi oliy ta’lim muassasasida 5 yil ishlab berish majburiyati bilan oliy ta’lim sohasida professional pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar bo‘yicha salohiyatli oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosida o‘qishga qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarini shakllantirish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha
ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi o‘qishga maqsadli qabul qilingan talabalar bilan tegishli
qabul yilining 1 dekabr kuniga qadar mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni aks ettirgan shartnomalar rasmiylashtirilishini ta’minlasin;

v) dastlabki bosqichda Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘quv jarayoni o‘quv reja va dasturlar takomillashtirilgan holda ta’limning kredit-modul tizimi asosida tashkil etilsin;

g) pedagogik faoliyatda umumta’lim fanlari muhim o‘rin tutishini inobatga olgan holda alohida iqtidor talab etiladigan pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha test sinovlari topshirish tartibi joriy qilinsin. Bunda, qoida tariqasida, majburiy uchta fan bo‘yicha test sinovlari kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari e’lon qilinganidan so‘ng o‘tkazilishi belgilab qo‘yilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

•    O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Respublika ilmiy-pedagogika kutubxonasi faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida uning negizida Respublika pedagogik ta’lim resurs markazini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

•    O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarining takliflari asosida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash maqsadida mazmun jihatidan o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimini yo‘lga qo‘ysin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda pedagogik amaliyot davrida talabalarga dars berishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

•    O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov – tashkil etilayotgan pedagogika institutlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rsin, barcha oliy ta’lim muassasalaridagi pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida o‘quv jarayonini ta’limning kredit-modul tizimi asosida yo‘lga qo‘yilishi hamda o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimi joriy etilishini ta’minlasin, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mas’ul vazirlik va idoralarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin;

•    Andijon viloyati hokimi Sh.Q.Abdurahmonov, Buxoro viloyati hokimi O‘.I.Barnoyev, Qashqadaryo viloyati hokimi Z.T.Mirzayev, Samarqand viloyati hokimi E.O.Turdimov, Surxondaryo viloyati hokimi T.A.Bobolov – hududlarda tashkil etilayotgan pedagogika institutlari faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yishda har tomonlama ko‘maklashsinlar;

•    mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari – mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish yuzasidan zarur choralar ko‘rsinlar;

•    O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Ko‘chimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsinlar.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti            
Shavkat Mirziyoyev  

Toshkent shahri,

2020 yil 27 fevral


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing