Pauell qora kursida yoxud dollarning taqdiri tang ahvolda

Tahlil

image

AQSH xalqaro maydonda yaratayotgan g‘ala-g‘ovurlar fonida mamlakat ichidagi siyosiy to‘polonlar ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolmoqda. Oshib borayotgan byudjet taqchilligi, AQSH dollarining global miqyosda zaiflashishi va ortib borayotgan inflyatsiya kabi muammolar hukumatning yuqori lavozimida o‘tirganlar uchun jiddiy bosh og‘rig‘i bo‘lyapti. Donald Trampning siyosati faqat dunyo liderlarini emas, AQSH hokimiyati tepasidagilarni ham jig‘iga tegishni boshlaganiga ancha bo‘lgan. AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) raisi Jerom Pauellga nisbatan ochilgan jinoiy ish ham mamlakatdagi keskin vaziyatning aksi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tramp o‘ziga bo‘ysunmaganlarni “tagiga suv quymoqchidek” ko‘rinadi.

 Jerom Pauell kim?

Jerom Xayden Pauell – amerikalik huquqshunos, moliyachi va davlat arbobi. 2018 yildan buyon dunyoning eng qudratli moliyaviy tashkiloti — AQSH Federal zaxira tizimi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Uni hatto, "dunyo iqtisodiyotining boshqaruvchisi" deb atashadi, negaki uning qarorlari butun dunyo iqtisodiy tizimiga ta’sir o‘tkazadi.

Puell 1953 yil 4 fevralda Vashingtonda, huquqshunoslar oilasida dunyoga kelgan. U ta’limni dunyoning eng nufuzli universitetlarida, dastlab 1975 yilda Prinston universitetida siyosat bo‘yicha bakalavr darajasini olgan bo‘lsa, keyinchalik 1979 yilda Jorjtaun universitetida huquqshunoslik doktori  unvoniga ega bo‘lgan.

Puell o‘z karerasini dastlab advokat sifatida boshlagan bo‘lsada, tez orada investitsiya banki sohasiga burilish qiladi. 1997 yildan 2005 yilgacha dunyodagi eng yirik investitsiya kompaniyalaridan birida — "The Carlyle Group"da ishlaydi va katta boylik orttiradi. Shundan so‘ng, uni siyosat maydoniga taklif qilishadi.  1990 yillarning boshida, Katta Jordj Bush prezidentligi davrida, AQSH Moliya vazirligining yuqori lavozimlarida faoliyat yuritadi. Huquq va iqtisod sohasida yuksak bilimga ega bo‘lgan Jerom Pauell 2012 yilda Barak Obama tomonidan Federal zaxira tizimi Boshqaruv kengashi a’zoligiga tayinlanadi.

2018 yilda ilk bor hokimiyatga kelgan Donald Tramp uni FZT raisi etib tayinladi. Shu tariqa Pauell oxirgi 30 yil ichida iqtisodiyot bo‘yicha maxsus fan doktori (PhD) darajasiga ega bo‘lmagan birinchi FZT rahbariga aylandi.

Uning rahbarligi davrida dunyo COVID-19 pandemiyasini boshdan kechirdi. Shunday og‘ir vaziyatda Pauell iqtisodiyotni qutqarish uchun foiz stavkalarini nolga tushirdi va trillionlab dollar pul bosib chiqardi. Pandemiyadan so‘ng esa boshlangan yuqori inflyatsiyani to‘xtatish uchun u oxirgi 40 yildagi eng keskin foiz stavkalarini oshirish siyosatini olib bordi.

Pauell tergovda 

2026 yilga kelib, Pauell o‘z karerasining eng murakkab davrlaridan birini boshdan kechirmoqda. Bir tomondan iqtisodiyotda olib borilayotgan "Soft Landing" (yumshoq qo‘ndirish – foiz stavkalarini asta-sekin oshirish orqali iqtisodiy inqirozni oldini olish) harakati, ikkinchi tomondan esa o‘ziga nisbatan ochilgan jinoiy tergovlar va siyosiy bosimlar uning FZT mustaqilligini saqlab qolishdagi irodasini sinovdan o‘tkazmoqda.

Joriy yilning 11 yanvar kuni, kechqurun Federal rezerv tizimi raisi Jerom Pauell, FZTning rasmin X sahifasida, kutilmagan video murojaat bilan chiqdi. U 9 yanvar kuni AQSH Adliya vazirligi unga va Federal rezerv tizimiga nisbatan jinoiy tergov boshlaganini va rasmiy chaqiruv qog‘ozlari (subpoenas) yuborilganini ma’lum qildi.

Ayni damda, Pauell FZTning Vashingtondagi regulyator shtab-kvartirasini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq holatlar va loyihaning ko‘lami haqida yolg‘on ma’lumot berganlikda gumonlanmoqda. Muammo shundaki, ta’mirlash loyihasining dastlabki byudjeti 1,9 milliard dollar bo‘lgan, biroq keyinchalik u 2,5 milliard dollarga ortgan. Xarajatlardagi bunday keskin o‘sish Adliya vazirligida shubha uyg‘otgani, 2025 yil iyun oyida Senat qo‘mitasiga tafovutni izohlashda Pauell yolg‘on ko‘rsatmalar bergan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Bu borada Jerom Pauellning o‘zi rasmiy munosabat bildirib, asl maqsad FZTga bosim o‘tkazish ekanini aytgan.

“Men demokratiyamizda qonun ustuvorligi va hisobdorlik tamoyillarini chuqur hurmat qilaman. Hech kim, ayniqsa Federal zaxira tizimi raisi ham qonundan ustun bo‘la olmaydi. Ammo bu jarayon ma’muriyat tomonidan bo‘layotgan tahdidlar va doimiy bosimlar kontekstida ko‘rib chiqish lozim”, deydi Pauell.

Shuningdek, u ayblovlarda zarra asos yo‘qligi, FTZ ta’mirlash borasidagi barcha xarid ma’lumotlarini Kongressga to‘la yetkazganini ta’kidlab o‘tdi.

“Bu yangi tahdid, o‘tgan yilning iyun oyidagi loyiha xarajatlar bo‘yicha bergan guvohligim yoki Federal Rezerv binolarini ta’mirlash haqida emas. Gap Kongressning nazorat roli haqida ham emas. FTZ hisobotlar va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali Kongressni ta’mirlash loyihasi haqida xabardor qilib turish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Bularning bari bahona. Jinoiy ayblovlar tahdidi, Federal Rezervni prezidentning buyruqlariga amal qilish o‘rniga, jamoatchilikka xizmat qiladigan foiz stavkalarini belgilagani natijasidir”, deydi u.

Xuллас, Jerom Pauell rasmiy ko‘rsatilayotgan bahonalar ortida aslida qanday maqsadlar yotganini ochiqladi. AQSHda Donald Tramp o‘zi chizgan chizig‘idan yurmaydiganlarni shunday jazolashga urinishmoqda shekilli.

Bosimlardan maqsad nima?

AQSH iqtisodiyoti garchi yil sayin  o‘sib borayotgan bo‘lsada, mamlakat ichkarisidagi moliyaviy ahvol unchalik ham yaxshi emas. Masalan, “Debt to the Penny” portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda AQSH byudjeti taqchilligi 1,9 trillion dollarga yetdi, davlat qarzi esa rekord darajada – 38 trillion dollardan oshdi.

Dollar esa butun dunyoda o‘z qadrini tobora yo‘qotmoqda. Xalqaro investorlarning unga bo‘lgan ishonchi pasayib, AQSHga yangi pullarni kirishi kamayishda davom etyapti. Bunga esa FTZning foiz stavkalarini tushirilgani sabab bo‘lyapti.

Foiz stavkasi – bu oddiy qilib aytganda, pulning narxi. FZT tijorat banklarga kredit ajratadi, ular esa o‘z foydasi va xarajatlarini qo‘shib aholiga kredit beradi. FTZning foiz stavkalari qancha baland bo‘lsa, kredit olish shuncha qimmatlashadi va fuqarolar pullarini tejashni boshlaydi. Shu bilan birga xalqaro investorlar uchun AQSH banklarida o‘z pullarini omonat sifatida saqlash tobora manfaatliroq bo‘lib boradi. Bu esa dollarga bo‘lgan ishonchni oshishi, uning xalqaro maydondagi qadrini ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Tramp esa mamlakat iqtisodini mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash orqali kuchaytirish niyatida. Shu tufayli u FZTdan foiz stavkalarini pasaytirishni talab qilib kelmoqda. Foiz stavkalar tushsa dollarning xalqaro  obro‘si ham pasayadi, ammo kredit olishning qulayligi tufayli mahalliy tadbirkorlar bankdan olingan pullar evaziga o‘z bizneslarini rivojlantirishlari yoki yangi tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari mumkin.

Ayni paytda, 2026 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, AQSH Federal rezerv tizimining asosiy foiz stavkasi 3,5% — 3,75% oralig‘ida turibdi. Joriy yil davomida ushbu stavkalar 3,0% — 3,25% darajasigacha yetkazishni rejalashtirgan. Ammo, Prezident Donald Trampning qarashlari FTZning hozirgi ehtiyotkorona siyosatidan tubdan farq qiladi. U stavkalarni “agressiv” va “tezroq” tushirishni talab qilmoqda. Trampning maqsadi stavkalarni imkon qadar nolga yaqinlashtirishni yoki hech bo‘lmaganda hozirgidan ancha past darajaga tushirishni xohlaydi. Past stavkalar orqali u iqtisodiy o‘sishni (stimul) kuchaytirmoqchi, ko‘proq ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan.

Agar stavkalar Tramp aytganidek juda tez va pastga tushirilsa, bozorda pul ko‘payib ketadi va bu inflyatsiyaning yangi to‘lqiniga va narxlarning keskin oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. FZTning amaldagi raisi Jerom Pauell esa bunga jiddiy qarshilik qilib kelmoqda. Biroq siyosatchilar adolatli o‘ynamaydi, endi Tramp boshqa ta’sir richagini topishga urinmoqda. Bu galgi o‘yinlar ish beradimi yoki yo‘q noma’lum, ammo qaysar Tramp boshqa usul bilan bo‘lsa-da o‘z maqsadiga erishishi ehtimoli yuqori.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh dollar Donal'd Tramp dunyo iqtisodiyoti Jerom Pauell Federal zaxira tizimi FTZ Jordj Bush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing