Sobiq adliya vaziri AQSHga qochib ketdi

Olam

image

Polshaning sobiq adliya vaziri Zbignev Zyobro o‘ziga nisbatan qo‘yilgan jinoiy ayblovlar sabab vatanidan qochib, Vengriya orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga ketganini tasdiqladi. Bu haqda uning o‘zi kecha, 10 may kuni Polshaning o‘ng qanot partiyasiga xayrixoh telekanali Republika’ga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

“Men Amerika Qo‘shma Shtatlaridaman. Kecha keldim va bu mamlakat bo‘ylab uchinchi safarim”, degan u xabarda.

Zyobro Polshada bir nechta jinoiy ayblovlar bo‘yicha qidiruvda. Agar u aybdor deb topilsa, 25 yilgacha qamalishi mumkin. Ayblovlar qatorida vakolatni suiiste’mol qilish, uyushgan jinoiy tuzilmaga rahbarlik qilish hamda jinoyat qurbonlari uchun ajratilgan mablag‘larga Isroilning Pegasus ayg‘oqchi dasturini sotib olish kiradi.

Tergovga ko‘ra, bu dastur siyosiy raqiblarni kuzatish uchun ishlatilgan.

Zyobro esa, barcha ayblovlarni rad etib, Polshadagi markazchi hukumatni konservatorlarga qarshi “sehrgarlar ovini” olib borayotganlikda ayblagan.

O‘tgan yili Vengriya bosh vaziri Viktor Orban hukumati Zyobroga siyosiy boshpana bergan edi. Biroq aprel oyidagi saylovlarda Orban partiyasi mag‘lub bo‘lgach, yangi Bosh vazir Peter Madyar Vengriya endi boshqa davlatlar qidirayotgan shaxslarni himoya qilmasligini bildirdi.

“Vengriya endi xalqaro qidiruvdagi jinoyatchilar uchun panohgoh bo‘lmaydi”, degan u jurnalistlarga.

Madyar, misol sifatida Zyobro va uning sobiq o‘rinbosari Marchin Romanovskiyni keltirdi. Romanovskiy qariyb 40 million yevroni o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda.

Polshaning liberal telekanali TVN24 Zyobroning Nyuark Liberti xalqaro aeroportida tushirilgan suratini e’lon qildi. Avvalroq, Polsha uning barcha safar hujjatlari, jumladan diplomatik pasporti bekor qilinganini aytgan edi. Shu bois, uning Amerika Qo‘shma Shtatlariga qanday kirgani hozircha noaniq.

“Onet” nashrining yozishicha, Zyobro Republika telekanali bilan bog‘liq jurnalistik viza olgan bo‘lishi mumkin. Keyinchalik telekanal uni AQSHdagi siyosiy sharhlovchi sifatida ishga olganini ma’lum qilgan. Polsha Adliya vaziri Valdemar Jurek X ijtimoiy tarmog‘ida Polsha AQSH va Vengriyadan Zyobroning qanday huquqiy asosda mamlakatga kirgani haqida izoh so‘rashini bildirgan.

“Biz Zbignev Zyobro va Marchin Romanovskiy Polsha adliya tizimi oldida javob berishini ta’minlash harakatlarini to‘xtatmaymiz”, deb aytgan Jurek.

Shuningdek, u Zyobroning AQSHda ekanligi tasdiqlansa, Polsha uni ekstraditsiya qilishni so‘rashini ham aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Vengriya parlamentidagi deputatlik mandatidan voz kechishini ma’lum qilgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Pol'sha ayblov adliya vaziri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing