Patrushev yadro quroli ishlatilishi mumkinligini aytdi
Olam
−
08 noyabr 2023
17717G‘arbning buzg‘unchi siyosati yadroviy, kimyoviy va biologik qurollardan foydalanish xavfini oshirmoqda. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bugun, 8 noyabr kuni Moskvada o‘tayotgan MDHdagi mavqedoshlari bilan uchrashuvda so‘z ochgan.
“AQSHning buzg‘unchi siyosatining tabiiy oqibati global xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi bo‘ldi. Ularning mas’uliyatsiz xatti-harakatlari nafaqat eski inqirozlarning kuchayishiga va yangi inqirozlarning paydo bo‘lishiga yordam beradi, balki bugungi kunda biz Yaqin Sharqda ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga to‘sqinlik qilmoqda”, dedi u.
Bundan tashqari, Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar umumiy xatar va tahdidlar, jumladan, terrorizm, narkotik moddalar savdosi va transmilliy uyushgan jinoyatchilikning o‘sishini rag‘batlantirmoqda.
“Yadro, kimyoviy va biologik qurollardan foydalanish xavfi ortib bormoqda. Kosmos va kiberkosmosni harbiylashtirish jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda”, deya ogohlantirdi Patrushev.
Ma’lumot uchun, bugun, 8 noyabr kuni MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashlari kotiblari o‘zining yillik yig‘ilishi uchun Moskvaga to‘plandi. Tadbirda Rossiya tomonidan Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda MDH makonida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning dolzarb muammolari, shuningdek, xavfsizlik sohasida mamlakatlarning ikki va ko‘p tomonlama formatdagi amaliy hamkorligi masalalari muhokama qilinadi.
Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashi kotiblarining yillik yig‘ilishi 11-marotaba o‘tkazilmoqda. Avvalgisi 2022 yilning noyabrida Moskvada bo‘lib o‘tgan.