Pashinyan Yerevan va Baku o‘rtasidagi tinchlik bo‘yicha taklif kimdan chiqqanini aytdi
Olam
−
08 noyabr 2021
5995Tinchlik bo‘yicha taklif Ozarbayjon monopoliyasi emas, deydi Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan. U Yerevanning o‘zi ham shunday takliflar bilan chiqayotganini ta’kidladi.
“Tinchlik bo‘yicha taklif Ozarbayjonning monopoliyasi emas. Biz o‘zimiz tinchlik taklifi bilan chiqdik. Armaniston taklifga javob bermagani haqidagi bayonotlar juda g‘alati. Armaniston bu bayonotlarga munosabat bildirdi, Armaniston bunga tayyor ekanini ma’lum qildi va biz YeXHT Minsk guruhi doirasidagi format aynan tinchlik shartnomasiga erishishga qaratilganini ta’kidladik. Biz bu muhokamalarga tayyorligimizni va bizning fikrimizcha, bu muhokamalar YeXHT Minsk guruhi formatidagi ish natijalari asosida, xususan, Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish masalasini o‘z ichiga olgan holda o‘tkazilishi lozimligini bildirdik”, degan Pashinyan mamlakat jamoat televideniyesiga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, u chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish, Tog‘li Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish va mintaqaviy kommunikatsiyalarni ochish jarayonlari bir-biridan aniq ajratilganini ta’kidlagan.
“Bu bizning pozitsiyamiz. Biz chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilishga nafaqat tayyormiz, balki buni zarur deb hisoblaymiz. Lekin chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilish jarayonini tasavvur qila olishimiz qiyin, chunki bu yerda sulh deyarli har kuni buziladi”, degan Pashinyan.
Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yil 9 noyabr kuni uch tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish bayonnomasi imzolanganidan keyin Qorabog‘ va Armaniston-Ozarbayjon chegarasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bor-yo‘g‘i besh-olti kun davomida buzilmagan.
Bosh vazir, shuningdek chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish uchun ularning qonuniy asoslarini tushunish zarurligini ta’kidlagan.
Qorabog‘ mojarosi
2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.
LiveBarchasi