Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvor
Olam
−
25 noyabr 2020
5970Joriy yilning 9 noyabr kuni imzolangan uch tomonlama bayonotga binoan, Rossiya Federatsiyasining tinchlikparvar kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi aloqa liniyasi va Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirilgan bo‘lib, uning davomiyligi avtomatik ravishda uzaytirish imkoniyati bilan har besh yilda bir belgilanadi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.
Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tinchlikparvar kuchlarining Tog‘li Qorabog‘da qolish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.
“Bu erishilgan siyosiy kelishuv masalasi. Besh yillik davrda, albatta, mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratish zarur. Ammo Qorabog‘ mojarosi cho‘zilib ketgani sabab, men Rossiya tinchlikparvar kuchlarining Qorabog‘da qolish muddati besh yil bilan cheklanib qoladi, deb o‘ylamayman”, deydi Pashinyan.
Nikol Pashinyan hozirgi paytda asosiy masala mintaqada barqarorlikni va Tog‘li Qorabog‘ fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash ekanini ta’kidlab, Rossiya tinchlikparvar kuchlarining o‘z missiyalarini mukammal amalga oshirishiga ishonishini bildirdi.
“Besh yillik davr – bu jarayonning boshlanishi. Bu yerda avtomatik yangilanish imkoniyati mavjud. O‘ylaymanki, hozirgi paytda asosiy masala mintaqada barqarorlikni va Tog‘li Qorabog‘ fuqarolarining xavfsizligini ta’minlashdir. Menimcha, Rossiya tinchlikparvar kuchlari bu maqsad yo‘lida muvaffaqiyatli harakat qilishadi va ushbu missiyani mukammal amalga oshirishga qodir”, deydi Bosh vazir.
Ma’lumki, uch tomonlama bayonotda Tog‘li Qorabog‘ning maqomi to‘g‘risida hech narsa aytilmagan. Uning maqomi noaniq bo‘lib qolmoqda. Hozirgi o‘zgargan sharoitda Qorabog‘ning maqomi masalasiga qanday yondashish kerak? Bu haqda Pashinyan shunday deydi:
“Aslida Minsk guruhi hamraislari o‘rtasida kelishuv mavjud va Armaniston ushbu nuqtai nazardan rozi. Shunday ekan, muzokaralar jarayoni Minsk guruhining hamraislari doirasida davom etishi kerak. Qo‘shma bayonotda hal qilinmagan masalalar Minsk guruhi hamraislari doirasida munozara mavzusi bo‘lishi kerak. Siz Armanistonning Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha pozitsiyasini bilasiz va bizning pozitsiyamiz, albatta, o‘zgarmadi”, deydi Pashinyan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi.
Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi