Pashinyan nafaqat Ozarbayjon, mintaqaga ham zarba beryapti – Baku

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning o‘tgan kungi matbuot anjumanida Ozarbayjonga qarshi bildirgan da’volari mutlaqo asossiz va tarixiy faktlarni qo‘pol ravishda buzib ko‘rsatib, mintaqada tinchlik o‘rnatish jarayoniga yana bir zarba bo‘ldi.  Bu haqda Ozarbayjon TIV matbuot kotibi Oyxon Hajizoda ma’lum qildi. 

“Ozarbayjonga qarshi kampaniya, Bosh vazir Pashinyan tomonidan amalga oshirilayotgan, turli xalqaro platformalarda berilgan va’dalar va majburiyatlarga, jumladan, tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar va xalqaro vositachilarning sa’y-harakatlariga putur yetkazuvchi ritorika, Armanistonga yaxshilik keltirmaydi”, deydi diplomat. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston Bosh vazirining ozarbayjonliklarning Armaniston hududidagi yerlaridan majburan ko‘chirilishi faktini inkor etishi Yerevan tomonidan o‘nlab yillar davomida olib borilayotgan tizimli va maqsadli etnik tozalash siyosatini oqlash niyatidan dalolat beradi. 

“Armaniston hududida yashovchi tinch ozarlarning o‘ldirilishi, ularga qarshi qatliomlar uyushtirilgani, tahdidlar bilan majburan ko‘chirilishi tarixiy haqiqatdir. Armaniston tomonining provokatsion bayonotlariga qaramay, hozirgi Armaniston hududidagi zo‘ravonlik va ozarbayjon aholisining deportatsiyasi ko‘lami haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish uchun, Bosh vazirning mintaqadagi ozarbayjon va arman aholisi nisbatida qanday o‘zgarishlar yuz bergani bilan tanishishi kifoya. Ma’lumki, Armanistonning hozirgi hududida bir paytlar aholining asosiy qismini tashkil etgan ozarlar yo‘q bo‘lib ketgan va bu faoliyat Armanistonning uyushgan va maqsadli siyosatining bir qismi edi”, deydi Hojizoda.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi joriy yilning 5 mart kuni ertalab Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari harbiy yuklarni noqonuniy yetkazib berayotgan arman avtomobilini tekshirish uchun to‘xtatmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil yo‘lovchilari Ozarbayjon harbiylariga qarata o‘t ochgan. Otishma oqibatida Ozarbayjon Qurolli kuchlarining ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Armaniston tomoni uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Ozarbayjon ayni vaqtda Armanistonni Qorabog‘ga qurol-yarog‘, minalar va o‘q-dorilar to‘playotganlikda ayblamoqda.

O‘z navbatida Armaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Ozarbayjonning yangi tajovuzni boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik va Tog‘li Qorabog‘ga Armaniston qurolli kuchlari joylashtirilgani haqidagi Ozarbayjon ma’lumotlarini tekshirish uchun xalqaro faktlarni o‘rganish missiyasini yuborishga chaqirgandi. Shuningdek, Ozarbayjon xalqni bo‘ysundirish uchun Tog‘li Qorabog‘ni etnik tozalash va genotsidga duchor qilishga tayyorlanayotganini qayd etdi. Rasmiy Baku esa bu da’volarini bema’nilik deb atadi.

Qorabog‘ urushi 

2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.

2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Nikol Pashinyan Ozarbayjon-Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing