Pashinyan Markaziy Osiyoga keladi
Olam
−
12 avgust 5796 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Aqorda matbuot xizmati xabar berdi.
Unda To‘qayev Armaniston hukumati rahbarini Vashingtonda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani bilan tabriklagan.
“Tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu hujjatning imzolanishi, jumladan, Nikol Pashinyanning kuchli siyosiy irodaga ega siyosatchi va o‘z davlatining milliy manfaatlarini strategik nuqtai nazardan ko‘ra oladigan yuksak fazilatlari tufayli mumkin bo‘ldi”, deyiladi Aqorda xabarida.
Qayd etilishicha, bu bitim Janubiy Kavkazda keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka, Qozog‘iston va Armaniston o‘rtasida yanada jadal iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikka yo‘l ochadi.
To‘qayev suhbat davomida Ostonada Armaniston Bosh vazirining joriy yil oxiriga rejalashtirilgan rasmiy tashrifiga tayyorgarlik boshlanganini aytdi. Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston muzokaralar uchun o‘z platformasini taqdim etish orqali Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada rivojlantirishga tayyor.
Nikol Pashinyan tabrik va iliq qo‘llab-quvvatlash so‘zlari uchun minnatdorlik bildirib, Qozog‘iston tomonini ikki davlat o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar jarayonining ayrim jihatlari haqida ma’lumot berdi, AQSH Prezidenti Donald Trampning vositachilik roli o‘ta muhimligini ta’kidladi.
Bosh vazir Qozog‘istonning Armaniston va Ozarbayjonni yarashtirish borasidagi faoliyatiga ijobiy baho berdi. Shuningdek, u o‘zaro hamkorlik bo‘yicha yangi shartnomalarni imzolash uchun joriy yilda Qozog‘istonga tashrif buyurishga tayyorligini tasdiqladi.
Ozarbayjon va Armaniston 8 avgust kuni AQSH vositachiligida Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzolagandi. Trampning aytishicha, ikki davlat urushni to‘xtatish, diplomatik munosabatlarni ochish va bir-birining hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini olgan. O‘zbekiston Tramp vositachiligidagi Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida muhim natijaga erishilganini olqishladi. Uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Trampni Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi. Armaniston hukumati rahbari Oq uyda AQSH va Ozarbayjon Prezidentlari Donald Tramp va Ilhom Aliyev bilan uchrashuvi haqida so‘zlab berdi.
Live
Barchasi