Pashinyan favqulodda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi
Olam
−
19 Sentabr 2023
5140Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda Armaniston Xavfsizlik kengashi matbuot xizmati bayonotida aytiladi.
“Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishi Bosh vazir Nikol Pashinyan boshchiligida o‘tkazilmoqda. Yig‘ilish kun tartibida Ozarbayjon tomonidan Tog‘li Qorabog‘ga qarshi boshlangan keng ko‘lamli harbiy harakatlar muhokama qilinadi”, deyiladi xabarda.
Armaniston Tashqi ishlar vazirligi esa Ozarbayjonni (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ aholisiga qarshi “keng ko‘lamli tajovuz”ni boshlaganlikda ayblamoqda.
“19 sentyabr kuni Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ xalqiga qarshi navbatdagi keng ko‘lamli tajovuzni uyushtirib, etnik tozalash siyosatini yakunlash niyatida. Ozarbayjon jazosiz qolish tuyg‘usini his qilgan holda, bosqinchilik uchun javobgarlikni ochiqchasiga o‘z zimmasiga oldi”, deyiladi Armaniston TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi