Pashinyan Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Masala yana Qorabog‘

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 6 iyul kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali suhbatda Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni tartibga solish va Armaniston-Ozarbayjon chegarasida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Kreml Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

“Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlarining 2020 yil 9 noyabr, 2021 yil 11 yanvar va 26 noyabrdagi uch tomonlama kelishuvlarini amalga oshirishning amaliy jihatlarini muhokama qilish davom etdi. Xususan, Armaniston-Ozarbayjon chegarasida xavfsizlikni ta’minlash, Janubiy Kavkazda iqtisodiy, transport va logistika aloqalarini tiklash masalalari yuzasidan fikr almashildi”, deyiladi xabarda. 

Kremlning qo‘shimcha qilishicha, Pashinyan Putinga Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan so‘nggi muloqotlar haqida ma’lum qilgan. 

Suhbat Armaniston tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan. 

2020 yil 9 noyabr kuni Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaro hududida harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar. Kelishuv jarayonining davomi sifatida 2021 yil 11 yanvarda ular Moskvada uchrashishdi. Unda, xususan, mintaqadagi barcha iqtisodiy va transport kommunikatsiyalarini blokdan chiqarishni nazarda tutuvchi yangi qo‘shma bayonot imzolandi. Shu bilan birga, ushbu va boshqa vazifalarni hal etish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida uch tomonlama ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

2021 yil 26 noyabr kuni uchlik yetakchilari bu safar Sochida yana uchrashdilar. Ular Ozarbayjon-Armaniston chegarasida barqarorlik va xavfsizlik darajasini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rishga kelishib oldilar, shuningdek, chegarani delimitatsiya qilish va keyinchalik demarkatsiya qilish bo‘yicha ikki tomonlama komissiya tuzish zarurligini ta’kidladilar. Rossiya tomonlar iltimosiga ko‘ra maslahat yordamini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Nikol Pashinyan

Baholaganlar

82

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing